O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elni ardoqlaganning o‘zi ham ardoqli bo‘ladi
2017-10-17 | Jamiyat
Shunday insonlar bo‘ladiki, ular qachon va qanday zamonda yashamasin, vatanparvarligi, fidoyiligi, el-yurt farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ezgu ishlari bilan nafaqat zamondoshlari xotirasida yashaydi, balki keyingi avlodlar qalbida ham mangu qoladi. Mashhur davlat arbobi va taniqli yozuvchi Sharof Rashidov xalqimizning ana shunday ardoqli farzandlaridan biri edi.
Prezidentimizning joriy yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Buxoro viloyati musiqali drama teatrida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda bu alohida ta’kidlandi.
Viloyat hokimligi vakillari, "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati, turli davlat tashkilotlari mutasaddilari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etgan tadbirda Sharof Rashidov har qancha murakkab sharoit bo‘lmasin, yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, xalqimiz farovonligini oshirish yo‘lida fidokorona xizmat qilgani qayd etildi.
O‘tgan asrning 60-80-yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilgan yirik bunyodkorlik loyihalari bevosita Sharof Rashidov nomi bilan bog‘liq. Buni Buxoro viloyati misolida ham ko‘rish mumkin. U kishining bevosita rahbarligida viloyat hududidagi ko‘plab yerosti qazilma boyliklari aniqlangan. Neft va gaz konlari o‘zlashtirilib, soha infrastrukturasi mustahkamlangan. Buxoro davlat universiteti, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi (hozirgi muhandislik-texnologiya) institutining ilmiy salohiyatini oshirish, mutaxassis-kadrlar sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilgan.