O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholining iste’mol madaniyati oshmoqda
2017-10-17 | Jamiyat
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan xalq bilan muloqotning samarali mexanizmlari hamda sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov va boshqalar aholining iste’mol madaniyatini oshirish, iste’molchilar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Federatsiya markaziy ijro etuvchi apparati hamda hududiy tuzilmalarida "Iste’molchi bilan muloqot" huquqiy maslahatxonalari tashkil etildi. Ushbu huquqiy maslahatxonalarga kelib tushgan 4 ming 225 murojaat ro‘yxatga olinib, 3 ming 125 murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. 515 murojaat yuzasidan davlat va nazorat qiluvchi organlarga, 100 murojaat yuzasidan esa sud organlariga murojaat qilish bo‘yicha maslahatlar berildi.
"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan fuqarolarning murojaatlari 1091 qisqa raqamli "Ishonch telefoni" orqali qabul qilinib, www.istemol.uz, www.potreb.uz rasmiy veb-saytida federatsiya tomonidan qilinayotgan ishlar, sohaga doir yangiliklar muntazam joylashtirib borilmoqda. Ariza, taklif va shikoyatlarni rm.istemol.uz veb-sayti orqali elektron tarzda qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda federatsiya tomonidan sohaga oid ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida xorijiy mamlakatlardagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari ko‘lami yanada kengaytirilayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida federatsiya tizimida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tizim moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida qator ishlar amalga oshirilgani aytib o‘tildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.