O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi
2017-10-17 | Jamiyat
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan bir guruh yurtdoshlarimizga fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mamlakatimiz hududida yagona fuqarolik o‘rnatilishi, davlatimiz o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilishi va homiylik ko‘rsatishi kafolatlangan. Shu yurtda yashasang, davlat va jamiyat hayotida faol qatnashsangu fuqarolikka ega bo‘lmasang, kishi uchun bundan murakkab sinov bo‘lmasa kerak.
Keyingi bir yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bir necha farmonlari bilan yuzlab hamyurtlarimizga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi. Bu esa ularning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlaridan to‘la foydalanishiga keng imkoniyat yaratmoqda.
– Taqdir taqozosi bilan 1989-1996 yillarda Qozog‘iston Respublikasida yashab, mehnat qilishimga to‘g‘ri kelgan, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Ismoil Aliyev. – Yurtimizga qaytib kelganimdan so‘ng mehnat faoliyatimni davom ettirdim va ayni paytda “Samarqand don mahsulotlari” korxonasida ishlamoqdaman. Ikki farzandim bor. O‘g‘lim o‘zim bilan birga ishlaydi. Oilamdan ham, ishimdan ham ko‘nglim to‘q. Ona-yurtimda yashayapman. Ammo ko‘nglimda bir armon bor edi – shu yurt farzandi bo‘la turib, O‘zbekiston fuqarosi emas edim. Bugun ana shu armonim ushaldi. Prezidentimizdan behad minnatdorman, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasportini qo‘limga oldim. Endi yana ham katta g‘ayrat, shijoat bilan mehnat qilib, Vatanim ravnaqiga hissa qo‘shishga butun borlig‘imni bag‘ishlayman.
Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, fuqarolik pasportiga ega bo‘lgan yurtdoshlarimiz mamlakatimizda inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev so‘zga chiqdi.