O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Konversion karta egalarida boshqa shaxslar kartasiga valyuta o‘tkazish imkoniyati bor
2017-10-17 | Iqtisodiyot
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda valyuta munosabatlarini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini oshirishda dasturilamal bo‘layotir.
«Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat bankining 10 ta konversion operatsiyalar bo‘limiga qo‘shimcha ravishda yana 29 ta filialda konversion operatsiyalar bo‘limi tashkil etildi. Jumladan, Toshkent viloyati bo‘yicha bankning Ohangaron, G‘azalkent, Bekobod, Yangiyo‘l filiallarida konversion bo‘limlar va valyuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Valyuta ayirboshlash shoxobchalari bayram va dam olish kunlari ham ishlamoqda.
– Joriy yilning 5 sentyabridan buyon shoxobchalarimizda xorijiy valyuta sotib olinmoqda, – deydi mintaqaviy filial bo‘lim boshlig‘i S.Nuriddinxonov. – Jismoniy shaxslar cheklanmagan miqdordagi xorijiy valyutani bozor mexanizmlari asosida shakllantirilgan valyuta kurslari bo‘yicha topshirgan holda naqd so‘m olishmoqda. Agar xarid qilishmoqchi bo‘lsa, VISA xalqaro plastik kartalariga o‘tkazib berilmoqda. Bank tomonidan ochiladigan xalqaro to‘lov kartalari orqali dunyoning 170 dan ortiq mamlakatida joylashgan VISA kartalarini qabul qilish muassasalarida to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.
Shu paytgacha maxsus konversion kartaga 2 ming dollargacha mablag‘ o‘tkazilgan. Shuningdek, undan naqd pul yechishga cheklovlar qo‘yilgan edi. Endi xalqaro to‘lov kartalariga xarid qilinadigan valyuta va kartalardan yechib olinadigan mablag‘ miqdoriga hech qanday cheklovlar yo‘q. Shuningdek, konversion karta egalari boshqa shaxslar kartasiga o‘z kartasidan valyuta o‘tkazish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi. Bu jarayonda yagona talab – mablag‘ o‘tkazuvchi ham, qabul qiluvchi ham “Qishloq qurilish bank” konversion kartasi egasi bo‘lishi lozim.
– Jismoniy shaxslar xalqaro to‘lov kartasi yo‘qolib qolganda, maxfiy paroli yo‘qotilganda yoki uni ishlatish bo‘yicha muammolar yuzaga kelganda bank filialiga murojaat qilishi lozim, – deydi mintaqaviy filial bo‘lim boshlig‘i M.Isroilov. – Shunda yuzaga kelgan muammo tez bartaraf etiladi.
«Qishloq qurilish bank»ning Toshkent viloyati mintaqaviy filialidagi valyuta almashtirish bo‘yicha qulayliklarni boshqa banklarda ham kuzatish mumkin. Bugun jismoniy va yuridik shaxslarning xorijiy valyutani sotish yoki xarid qilishida hech kanday cheklovlar mavjud emas.