O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston zaminida 80 yil

2017-10-16 | Jamiyat

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi hamda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz mamlakatimizda yashayotganining 80 yilligi munosabati bilan madaniy dastur namoyish etildi.

Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlarida istiqomat qilayotgan koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz, milliy madaniy markazlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbir “Koreyslar diasporasi: O‘zbekiston zaminida 80 yil” nomli hujjatli film namoyishi bilan boshlandi. 

Filmda 1937 yilda yurtimizga ko‘chirib keltirilgan koreyslarning xalqimiz bag‘rikengligi va ochiq ko‘ngilliligi tufayli tinch, osuda hayot kechirayotgani, jamiyatda o‘z o‘rnini topgani, og‘ir damlarda qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tgani tarixiy ma’lumotlar asosida bayon etilgan. Koreys diasporasining davlatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi faol ishtiroki, ularning o‘z milliy an’ana va qadriyatlarini rivojlantirishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida hikoya qilingan.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.G‘afurova yurtimizda yashayotgan koreys millati vakillarini tabriklab, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi faol ishtiroki, fidokorona mehnati e’tirof etilib, ularning bir guruhiga viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

– Biz O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sganimiz, shu zaminda baxtli hayot kechirayotganimizdan xursandmiz, – deydi Samarqand viloyati koreys milliy madaniy markazi raisi Nikolay Kim. – O‘z milliy an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit yaratilgan. Bayram va milliy marosimlarimizni o‘zbek xalqi bilan birga nishonlaymiz. Farzandlarimiz ham turli millat vakillari bilan birga ta’lim olib, kasb-hunar egallamoqda, mehnat qilmoqda. 

Tadbirda sana munosabati bilan o‘tkazilgan shaxmat musobaqasi va turli tanlovlar g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. 

Viloyat san’atkorlari, milliy madaniy markazlar ansambl va xalq badiiy jamoalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA

Поделиться