O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg‘onada E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2017-10-16 | Jamiyat
Unda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi tumanlararo sudlarning sudya va xodimlari, ekspertlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimiz sud-huquq sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Asosiy maqsad – fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishdan iborat.
Odil sudlov samaradorligini oshirish maqsadida sud tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilayotgani sohada ochiqlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi, BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida E-Sud – milliy elektron sudlov axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan. Mazkur tizim fuqarolik ishlarini sudlarda ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish, sud xabarnomalari va hujjatlarini taraflarga yetkazish mexanizmlarini takomillashtirish, bu borada sansalorlik, byurokratizmga yo‘l qo‘ymaslik kabi maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudida bo‘lib o‘tgan taqdimot marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari X.Yodgorov va boshqalar sud tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish sudlarda adolat va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Tadbirda “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi tumanlararo sudlarga 57 zamonaviy kompyuter jamlanmasi topshirildi.