O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Partiya bandlik masalasidagi muammolar va ularning yechimi yuzasidan takliflar bildirdi
2017-10-13 | Jamiyat
Poytaxtimizda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan “Mehnatga layoqatli aholining ish bilan bandligi: sohada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar, mavjud muammolar hamda uning yechimi yuzasidan takliflar” mavzuida amaliy seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi H.Ketmonov va boshqalar mamlakatimizda aholini ish bilan ta’minlash borasidagi maqsadli dasturlar izchillik bilan amalga oshirilayotgani iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, aholining hayot darajasi va sifati yaxshilanishiga qaratilayotganini ta’kidladi.
Mehnat bozorida rasmiy bandlikni oshirish bo‘yicha faol choralarni ko‘rish hamda ish beruvchilarni yanada rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Seminarda xodimlar uchun “elektron mehnat daftarchasi”ni joriy etish, muayyan muddatga mehnat shartnomalarini tuzish imkoniyatlarini kengaytirish, o‘z-o‘zini band qilish va uy mehnatining huquqiy maqomini aniqlashtirish, alohida toifadagi xodimlar, jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga yollanib ishlovchilar va boshqalarning mehnatini tartibga solishni ko‘zda tutuvchi meyo’riy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.
Tadbirda aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga qaramasdan, bandlik sohasidagi mavjud muammolarni hal etishda haligacha eskirgan ish shakllari va usullaridan foydalanilayotgani, mehnat bozoridagi haqiqiy vaziyatni buzib ko‘rsatish hollari saqlanib qolayotgani, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga yuzaki yondashuvlar, uch tomonlama shartnomalarni amalga oshirish borasida ko‘plab qo‘shib yozish holatlari uchrayotgani qayd etildi.