O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtisodiyotimiz taraqqiyotida ixtirochi xotin-qizlarning o‘rni
2017-10-13 | Iqtisodiyot
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston ixtirochi ayollari uyushmasi tomonidan “Iqtisodiyotimiz taraqqiyotida ixtirochi xotin-qizlarning o‘rni” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston ixtirochi ayollari uyushmasi rahbari K.Norqulova va boshqalar ilm-fanni taraqqiy ettirish, olimlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish, sanoatni modernizatsiyalashda akademik jamoatchilik salohiyatidan keng foydalanish masalasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning iste’dodini yuzaga chiqarish, ular uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish borasidagi ibratli ishlar natijasida umrini ilm-fanga bag‘ishlagan, jumladan, ilm-fanning turli yo‘nalishlarida izlanayotgan ayollar safi tobora kengaymoqda.
Xotin-qizlar qo‘mitasi olima ayollarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish, ixtirochilik faoliyatini faollashtirish, intellektual mulk egalarining huquqlarini himoyalashga doimiy e’tibor qaratmoqda. Ushbu jamoat tashkiloti qoshida yurtimizning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan va iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston ixtirochi ayollari uyushmasi tashkil etildi.
Qo‘mita tomonidan mazkur uyushma tashkil etilgani munosabati bilan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” I Respublika tanlovini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Unda olimalar, iqtidorli talaba va o‘quvchi-qizlar, muhandis, ixtirochi, ratsionalizator ayollar, konstruktorlar o‘z innovatsion loyihalari bilan qatnashishi mumkin. Tanlov uchun hujjatlar joriy yilning 10 noyabriga qadar qabul qilinadi.
– Optik tola qo‘llanilayotgan qurilmalarda foto qabulqilgichlar yaratish ustida izlanish olib boryapman, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti katta ilmiy xodimi Feruza G‘iyosova. – Bu tadqiqot telekommunikatsiya, qo‘riqlash va boshqaruv tizimlarida qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.
Tadbirda tanlovning ahamiyati, maqsadi, bosqichlari, nominatsiyalari, olima ayollar bilan birgalikda olib borilayotgan yangi loyihalar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA