O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
IBM delegatsiyasi vazirlikka tashrif buyurdi
2017-10-12 | Texnologiyalar
11-oktabrda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida IBM kompaniyasining MDH mamlakatlarida biznesni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda raqamli texnologiyalarga o‘tish, iqtisodiy sohalar, shuningdek ta’lim, tibbiyot, telekommunikatsiya va boshqa sohalarga IBM'ning innovatsion yechimlarini joriy qilish masalalari muhokama qilindi.
Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 18-20 sentyabr kunlari AQSh ga uyushtirgan davlat tashrifi mobaynida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi davlat rahbari topshirig‘i bilan Nyu-York shahrida joylashgan IBM Watson markazida bo‘lib, kompaniya faoliyatining yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdi. Unga ko‘ra davlat boshqaruvi, ijtimoiy sohalarda, iqtisodiyotda raqamli texnologiyalarni O‘zbekistonda tatbiq qilishda hamkorlik qilishga mo‘ljallangan anglashuv memorandumi imzolandi.
Vazirlikda o‘tkazilgan uchrashuvda IBM vakillari tomonidan "sun’iy ong" sohasidagi ishlanmalar ham taqdim qilindi. Muhokamalar yakunlari bo‘yicha istiqbolda loyihalarni amalga oshirish kelishib olindi.
IBM -- apparat va dasturiy ta’minot vositalari, shuningdek IT-yechimlar ishlab chiqarish hamda konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi jahonning yirik kompaniyasi bo‘lib, uning 2016 yildagi daromadi 79,9 mlrd. dollarni tashkil qiladi.