O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Global tadbirkorlik tarmog‘iga start berildi
2017-10-12 | Iqtisodiyot
Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi Global tadbirkorlik tarmog‘ining O‘zbekistondagi vakili sifatida o‘z ishini boshladi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida davlat va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, bank xodimlari, tadbirkor va ishbilarmonlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Global tadbirkorlik tarmog‘i o‘z biznesini boshlayotgan ishbilarmonlarni yangi texnologiyalar va ishlanmalardan xabardor qilish, biznes sohasida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, o‘zaro muloqot maydonini yaratish bo‘yicha faoliyat olib boradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada biznes sohasida ishlab chiqilayotgan istiqbolli loyihalar va strategik yondashuvlar iqtisodiy sektorga uzoq muddatli investitsiyalar kiritish imkonini bermoqda. 160 mamlakatda faoliyat olib borayotgan Global tadbirkorlik tarmog‘ining O‘zbekistonda ish boshlashi yosh ishbilarmonlarni kashf qilish, ularning maqsadli va innovatsion biznes rejalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga yordam beradi.
Tadbirda Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi Global tadbirkorlik tarmog‘i doirasida tashkil etiladigan tadbirlar orqali O‘zbekistonda tadbirkorlik ekotizimini yaratish, xalqaro tajriba va yondashuvlarni joriy etishni maqsad qilgani ta’kidlandi. Shu yil 13-19-noyabr kunlari mamlakatimizda o‘tadigan Global tadbirkorlik haftaligi ana shunday maqsadlarga xizmat qilishi qayd etildi.
Global tadbirkorlik haftaligi tadbirkorlik ekotizimining barcha ishtirokchilarini birlashtirish, shu yo‘nalishda ta’lim berish orqali biznesni rivojlantirishning zamonaviy va xalqaro amaliyoti haqida ma’lumot berish, O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish uchun takliflar ishlab chiqish uchun o‘ziga xos platforma vazifasini o‘taydi.
– Mamlakatimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, – deydi Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi kuzatuv kengashi raisi H.Abdurahimov. – Global tadbirkorlik tarmog‘i bu borada yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda biznes yuritishda xalqaro tajribani o‘zlashtirishga yordam beradi. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Savdo-sanoat palatasi bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilayotgani kutilgan natijalarga erishishda muhim omil bo‘ladi.
Haftalik doirasida tashkil etiladigan taqdimot va seminarlarda tadbirkorlik ishlanmalariga bag‘ishlangan mahorat darslari tashkil etiladi. O‘z navbatida, dasturlar, infratizim va resurslarni shakllantirish borasida tavsiyalar ham ishlab chiqiladi.
Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.