O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda yana bitta kichik sanoat zonasi tashkil etiladi

2017-10-12 | Iqtisodiyot

Poytaxtimizdagi «AOKS Plus Business» mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida yana bir kichik sanoat zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Umumiy maydoni 5,1 gektarni tashkil qiladigan mazkur hududga Uchtepa kichik sanoat zonasi nomi berildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-oktabrdagi «Toshkent shahar Uchtepa tumanida kichik sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorida keltirilgan.

Hujjatga muvofiq, Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Chilonzor-26 mavze, 36-uy manzilida joylashgan «AOKS Plus Business» MChJ (sobiq «Signal» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi) bino va inshootlari Toshkent shahar hokimligiga beriladi. 

Poytaxt hokimligi bir oy muddatda Uchtepa kichik sanoat zonasi direksiyasini tashkil etib, unga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishi lozim. Bundan tashqari, ikki oy mobaynida hokimlik manfaatdor tijorat banklari bilan birgalikda yangi sanoat zonasi hududidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvallarini ishlab chiqishi zarur. 

Hozirgi paytda Toshkent shahrida Yunusobod, Sergeli va Yakkasaroy tumanlaridagi foydalanilmayotgan korxonalar negizida tashkil etilgan kichik sanoat zonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ularning hududida to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika mahsulotlari, mebel, zamonaviy qurilish materiallari hamda ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 513 kichik korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 

2016-yilda mazkur korxonalar tomonidan 1,1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 140 million dollardan ortiq qiymatdagi tovarlar eksport qilingan, 11 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. 

Davlatimiz rahbarining shu yil 18 maydagi «Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Mirobod, Chilonzor hamda Bektemir kichik sanoat zonalari tashkil etilishi belgilandi. 

Kichik sanoat zonalari hududidagi ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari tadbirkorlik sub’ektlariga 10 yilga ijaraga beriladi. Loyihalarning o‘z vaqtida bajarilishi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning vaqtida to‘lanishi singari talablarga qat’iy rioya etgan tadbirkorlik sub’ektlariga ushbu muddat yanada uzaytirilishi bilan birga ijara to‘lovida ham qator imtiyozlar taqdim etiladi. 

Ta’kidlash kerakki, kichik sanoat zonalarida tadbirkorlik sub’ektlariga zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga davlat xizmatlari mazkur hududlarda tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yagona markazlar tomonidan ko‘rsatiladi. Tadbirkorlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilishda ko‘maklashish maqsadida kichik sanoat zonalari hududida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining vakolatxonalari tashkil etiladi. 

Kichik sanoat zonalaridagi tadbirkorlik sub’ektlarining elektr energiyasi, tabiiy gaz va boshqa turdagi kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlanishida «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati, «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasi va Toshkent shahar hokimligi rahbarlari shaxsan javobgarligi ko‘zda tutilgan. 

Muxtasar aytganda, tashkil etilayotgan Uchtepa kichik sanoat zonasi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.

 

Behzod Bozorov, O‘zA

Поделиться