O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar yoshlar, ayollar bilan manzilli ishlashni kuchaytirish va oila institutini mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar
2017-10-11 | Siyosat
Ma’lumki, joriy yilning 12-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati faoliyatini tahlil qilishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yoshlar, oilalar va ayollar bilan olib boriladigan ishlar doimo davlatimizning diqqat markazida ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yoshlar masalalari bo‘yicha, shuningdek, oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyani tuzish maqsadga muvofiq ekanligini qayd etdi.
Ta’kidlash lozimki, qonun loyihalarining muhokamalarida ishtirok etish uchun yoshlarni jalb etish parlament quyi palatasi faoliyatidagi yangiliklardan biriga aylandi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari Qonunchilik palatasi qo‘mitalari huzurida faoliyat yuritayotgan ekspert guruhlar tarkibiga kiritildi. Ishning bunday shakli o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Yoshlar xorijiy tillarni yaxshi biladilar, xalqaro tajribaga qiziqadilar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ishlash malakasiga egadirlar. Bularning barchasi ularga Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqiladigan qonun loyihalarini takomillashtirishga qaratilgan aniq taklif va tavsiyalar bilan bo‘lishish imkonini beradi.
Prezidentimizning takliflarini hisobga olgan holda, deputatlar tomonidan Qonunchilik palatasining 2017-yil 11-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida tegishli komissiyalarni tuzish masalasi ko‘rib chiqildi.
Olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida, deputatlar ta’kidlaganlaridek, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusiga ko‘ra 30-iyun mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlari kuni deb e’lon qilingani buning isbotidir. Bu borada tegishli qonun ham qabul qilindi. Shu sababli, Qonunchilik palatasida yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyaning tuzilishi mamlakatimizning milliy boyligi va kelajagi bo‘lgan yoshlar bilan ishlarni sifatli tashkil etish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning mantiqiy davomidir.
Ushbu komissiyaning tuzilishi davlat va jamiyat boshqaruvida yoshlarning ishtirokini amaliy jihatdan ta’minlash orqali yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida Qonunchilik palatasining tutgan o‘rnini oshirish imkonini beradi. Shu tariqa, xalq vakillari yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirishda bevosita ishtirok etadilar.
Mamlakatimiz rahbarining adolatli mulohazasiga ko‘ra, parlament – bu demokratiya maktabidir. Yoshlar bilan manzilli ishlashni tashkil etish esa hozirgi tutgan yo‘limizning ketma-ketligini, islohotlarning barqaror va izchil amalga oshirilishini ta’minlashga qodir bo‘lg‘usi siyosatchilarni tayyorlashning noyob tizimini yaratish imkonini beradi.
– Davlatimiz rahbari yoshlar masalasini kun tartibiga bejiz kiritayotgani yo‘q, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati Elbek Shukurov. – Ma’lumki, yoshlar yurtimiz aholisining 60 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Yoshlar masalasi doim e’tiborda. Ushbu jarayonga parlament, xususan, Qonunchilik palatasi befarq emas. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tashkil etilgan yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya, o‘z navbatida, yoshlarning, ayniqsa, uyushmagan, ish bilan band bo‘lmagan, muayyan bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi uchun munosib shart-sharoit yaratishga, ularning bandligini ta’minlashga, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga xizmat qiladi.
Shundan so‘ng deputatlar Qonunchilik palatasida oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyani tuzish masalasini ko‘rib chiqdilar. Deputatlar ta’kidlaganlaridek, onalikni muhofaza qilish, ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatda ularning o‘rni va maqomini oshirish, ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy hamda madaniy hayotda ishtirok etishini yanada kuchaytirish oila institutini yaxshilashning muhim omilidir. Buning uchun ayollarning kasb-hunarlarni egallashi, ularning bandligini ta’minlash, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ayollar sog‘lig‘ini mustahkamlash va oilada tibbiy madaniyat darajasini oshirish uchun munosib sharoitlarni izchil yaratish zarur. Tashkil etilayotgan komissiya ushbu barcha masalalar bilan shug‘ullanadi.
Ayollar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni, ayniqsa, ularning xorijga noqonuniy ravishda chiqishining oldini olishga doir samarali mexanizmlarini joriy etishga oid takliflar ishlab chiqish, oila va ayollar masalalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ushbu sohadagi xalqaro shartnomalarning ijro etilishini ta’minlashda ko‘maklashish, shuningdek, ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish, oilaviy ajralishlar holatlarini tahlil qilishda ishtirok etish, ularning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish Komissiyaning asosiy vazifalaridan biridir.
– Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyani tashkil etish yuzasidan belgilangan vazifalar bugun juda dolzarbdir, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati Zumrad Bekatova. – Bugungi kunda butunjahon statistikasi ajralishlar soni uzluksiz o‘sayotgani, odamlar hayotida oilaviy qadriyatlarning ahamiyati pasayayotganidan guvohlik bermoqda. Mamlakatimizda ajralishlar sabablarini o‘rganishga, ularni puxta tahlil qilishga va oilalarning buzilishi holatlarining oldini olishga doir aniq takliflar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish oila institutini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Shu sababli oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyaning tuzilishi oila va ayollar masalalariga oid qonunlarning ijro etilishi ustidan samarali, ta’sirchan parlament va deputatlar nazoratini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga, ushbu sohadagi xalqaro shartnomalarning ijro etilishini ta’minlash borasida ko‘maklashishga qaratilgan.
Majlis davomida har bir masalani muhokama qilish chog‘ida siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati a’zolari komissiyalar faoliyatini takomillashtirishga doir amaliy takliflar bilan so‘zga chiqdilar.
Muhokamalar yakunlariga ko‘ra, parlament a’zolari tomonidan Qonunchilik palatasida yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyani, shuningdek, oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyani tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu komissiyalarning nizomlari va tarkiblari tasdiqlandi.
Majlisda bir qator qonun loyihalari va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.