O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koreys madaniyati namoyishi
2017-10-10 | Madaniyat
Andijonda “Korean Festival–2017” festivali tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi hamda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz mamlakatimizda yashayotganining 80-yilligi munosabati bilan o‘zbek va koreys madaniyati kunlari doirasida Janubiy Koreyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan festivalda davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, yoshlar ishtirok etdi.
Festival tadbirlari viloyat qo‘g‘irchoq teatrida “O‘zbekiston – Janubiy Koreya do‘stligi” mavzusidagi rasmlar ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Unda umumta’lim maktablari o‘quvchilari, “Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘garaklari a’zolarining koreys va o‘zbek millatining o‘ziga xos qadriyatlari, an’ana va urf-odatlari, ikki xalq turmush tarzini ifodalovchi asarlari namoyish etildi. Mehmonlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi rasmlar mualliflari Janubiy Koreyaning mamlakatimizdagi elchixonasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari o‘zaro yuksak ishonchga asoslangan, – deydi Janubiy Koreyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U. – O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida Andijonda avtomobilsozlik bo‘yicha boshlagan hamkorligimiz yildan-yilga mustahkamlanib, izchil kengayib bormoqda. Bugungi kunda ikki davlat ishbilarmonlari hamkorligida ko‘plab korxonalar samarali faoliyat yuritmoqda. Ishonamanki, bizning do‘stona munosabatlarimiz bundan buyon ham shu ruhda davom etadi.
Festival doirasida Bobur nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatrida andijonlik va Janubiy koreyalik san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Ayniqsa, “Last For One B Bou” guruhi, “Koryo” ansambli san’atorlari tomonidan ijro etilgan miliy va zamonaviy kuy-qo‘shiq va raqslar barchaga xushkayfiyat ulashdi.
Koreys kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Etti kameradagi mo‘jiza” filmi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
– Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan oqilona siyosat tufayli O‘zbekistonimizda barcha millat vakilari, xususan, koreyslar ham emin-erkin yashab, Vatan taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan mehnat qilmoqda, – deydi Andijon viloyati koreys milliy madaniy markazi raisi Vyacheslav Kim. – Bunday tadbirlar o‘zbek va koreys xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Festival doirasida “Qirol tikuvchisi”, “Hamisha” nomli koreys filmlari namoyish etildi.