O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Poytaxtimizda sug‘urtalash va qayta sug‘urtalash masalalariga bag‘ishlangan X Toshkent xalqaro forumi ish boshladi

2017-10-06 | Jamiyat

“Saipro” axborot-reyting agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Chexiya, Rossiya va Belarus davlatlarining vazirlik va idoralari, sug‘urta, lizing, audit va sarmoya kompaniyalari, reyting agentliklari vakillari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev, moliya vaziri o‘rinbosari A.Karimov va boshqalar sug‘urta bozori yurtimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi, aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimining ajralmas bo‘lagi sifatida ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka xizmat qilishini ta’kidladi. 

Mamlakatimizda sug‘urta bozorini rivojlantirish, sug‘urta tashkilotlarining samarali faoliyat yuritishi uchun huquqiy, tashkiliy-texnik sharoitlar yaratish, aholi va mijozlar uchun qulay joy va hududlarda sug‘urta xizmatlari shoxobchalarini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2007-yil 10-apreldagi “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir. 

Buning samarasida yil sayin mahalliy kompaniyalar soni ortmoqda va bu sug‘urta bozorida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, taqdim etilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga xizmat qilmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda umumiy sug‘urtalash va hayotni sug‘urta qilish sohalari bo‘yicha 27 sug‘urta kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tgan. Bugungi kunda viloyatlarda o‘n mingga yaqin mutaxassis turli sug‘urta xizmatlarini taklif etmoqda. 

Xalqaro forumda turli davlatlarning sug‘urta va qayta sug‘urta qilish kompaniyalari vakillari, sug‘urta bozorining yetuk mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz va xorijlik mutaxassislar sohadagi yangiliklar, tarmoqni rivojlantirish istiqbollari, mamlakatimiz iqtisodiyotini sarmoyalashda sug‘urta bozorining ahamiyatini kuchaytirish masalalari bo‘yicha tajriba va fikr almashadi, hayotni sug‘urtalash bozorini rivojlantirish, mamlakatimizdagi moliya, tadbirkorlik va bank faoliyatiga oid tavakkalchiliklar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilmoqda. 

Forum ishtirokchilari, shuningdek, yurtimiz sug‘urta bozori salohiyati, keng investitsiyaviy imkoniyatlari bilan tanishish, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkoniga ega bo‘ladi. 

– Har yili uyushmamiz sug‘urtalash va qayta sug‘urtalash bo‘yicha Toshkent xalqaro forumida ishtirok etadi, – deydi Belarus sug‘urtachilar uyushmasi mutaxassisi N.Shagun. – O‘zbekistonda sug‘urta kompaniyalari safi tobora kengayib, ular tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanmoqda. Sug‘urta faoliyatining yangi yo‘nalishlari paydo bo‘lmoqda. O‘zbekiston kompaniyalari joriy etayotgan interfaol sug‘urta xizmatlari katta qiziqish uyg‘otmoqda, bu sug‘urta polislarini xarid qilishda aholiga yangi qulayliklar yaratadi. 

Forum yurtimiz va xorij sug‘urta bozori ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, mamlakatimiz sug‘urta faoliyatida yangi yo‘nalishlarni ochishga xizmat qiladi.

 

Roman Bondarchuk, O‘zA

Поделиться