O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Uzundara qal’asida amalga oshirgan joriy yilgi tadqiqot ishlari yakunlari hisoboti e’lon qilindi
2017-10-05 | Jamiyat
Termiz arxeologiya muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti va Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti olimlarining Surxondaryo viloyatidagi Uzundara qal’asida amalga oshirgan joriy yilgi tadqiqot ishlari yakunlariga bag‘ishlangan hisobot tadbiri hamda “Uzundara – Baqtriya qo‘riqchisi”, deb nomlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti, Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti va Termiz arxeologiya muzeyi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda turli davrlarga oid tarixiy yodgorliklar va osori-atiqalarga boy O‘zbekiston o‘tmishda ham ilm-fan, me’morchilik, madaniyat, san’at, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar yuksak taraqqiy etgan hudud sifatida tarixchi va qadimshunoslarda katta qiziqish uyg‘otib kelayotgani alohida ta’kidlandi.
Surxondaryo viloyatida Yaponiya, Rossiya, Chexiya, Fransiya kabi o‘nga yaqin davlat arxeologlarining mamlakatimiz olimlari hamkorligida olib borayotgan izlanishlari buning yorqin dalilidir.
Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti olimlari mahalliy mutaxassislar hamkorligida uzoq yillar viloyat hududidagi Kampirtepa, Dobilqo‘rg‘on, G‘ozqal’a yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirib, qadimiy bu yurtning o‘ziga xos ko‘plab qirralarini kashf etgan. Besh yildan buyon ular O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti olimlari bilan Boysun tumanidagi Suvsiztog‘ cho‘qqilarida joylashgan Uzundara qal’asida qazish-tadqiqot ishlari olib bormoqda.
Sayrob qishlog‘ining tog‘ yon bag‘ridagi Uzundara yodgorligi o‘tmishda Baqtriya va So‘g‘diyonani bog‘lab turuvchi yo‘l vazifasini o‘tagan. Aleksandr Makedonskiy davriga oid bu yodgorlikdan topilgan osori-atiqalar Ellin madaniyati bilan tanishtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
– Boy tarixiy manbalarga ega mustahkam tosh qal’a yodgorligi to‘liq ochib o‘rganildi, – deydi Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti ekspeditsiyasi rahbari, tarix fanlari nomzodi N.Dvurechenskaya. – Qal’a tarkibiga kiruvchi mudofaa devorlari, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi minoralar, mustahkam fortikatsiya inshootlarida qazish ishlari olib borildi. Uchta yerto‘lali mahobatli qoya majmuasi, uning atrofidagi tekis maydon, eni 9 metr bo‘lgan mudofaa devori va uning ichki yo‘laklari, mazkur devor bo‘ylab qurilgan turar-joy, xo‘jalik xonalari, ombor va xumxonalar o‘rganildi. Cho‘ziq tuxum shaklida bunyod etilgan qal’a qadimgi Baqtriya va So‘g‘d chegarasidagi mustahkam mudofaa qo‘rg‘oni bo‘lgan. Qo‘shma ekspeditsiyamiz bu yerda olib borgan qazish-tadqiqot ishlari Baqtriyaning shimoliy chegarasi qadimgi Amudaryo o‘zanlaridan emas, balki Boysun tog‘laridan o‘tganini yana bir marta isbotladi.
O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma ekspeditsiyasi tomonidan Uzundarada ochilgan ma’muriy va harbiy rahbarlar xonalari devorining ichki qismi gorelef va geraldik tasvirlar bilan bezatilgan. Tashqi tomonidagi tosh taxtachalari alebastr qorishmasi bilan suvalgan. Qal’a hududidan arxeologik to‘liq vannalar va cho‘milish kosalari, qurollar majmuasi, harbiylarning temir uzugi, bilakuzuk kabi taqinchoqlar, bronza va sopol chiroqlar, pichoq va boshqa xo‘jalik anjomlari topildi. Bunday noyob topilmalar Uzundara harbiy chegara istehkomining tarixini o‘rganish va tiklashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Ekspeditsiya a’zolari bu yerdan 400 dan ortiq nayza uchi, 300 dan ziyod palaxmon tosh, shuningdek, nayzalar, bronza va temir sovut bo‘laklari, ot abzallari topishgan.
Mutaxassislarning fikricha, Uzundara o‘tmishda Baqtriyaning chegara posti sifatida hududni tashqi xavf-xatardan qo‘riqlab turgan. Bu yerdan chegara otryadlari Suvsiztog‘ va Darbanddagi chegara hududlarni nazorat qilgan.
– Tarixiy yodgorlikdan qazib olingan topilmalar Yunon – Baqtriya tarixini yanada chuqur o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Termiz arxeologiya muzeyi direktori Z.Alimardonova. – Jumladan, Yunon – Baqtriya tarixini o‘rganishda birinchi marta ishonchli stratigrafik qatlamdan minglab shakllar hosil qilgan sopol ashyolar parchalari olingan. Turli kosa, piyola kabi oshxona anjomlari, suv idishlari topilgan. Ba’zi topilmalarda saqlanib qolgan tamg‘a va yozuv bo‘laklari qal’a aholisining yunon tilidan foydalanganiga guvohlik beradi. Muzeyimizda tashkil etilgan ko‘rgazmadan Antiox I va Yunon –Baqtriya podsholigining Diadotdan Gelioklgacha barcha hukmdorlari tangalari ham o‘rin olgan. Mis va kumushdan zarb qilingan tangalar saqlanishi tomoshabinni lol qoldiradi. Chunki ular qanday topilgan bo‘lsa, tozalanmasdan asl holicha namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmada miloddan avvalgi II-I asrlarga oid ko‘chmanchi qabilalarning bronza, temir paykon uchlari, miloddan avvalgi III asrga oid kamon o‘qining tag qismi, nayza mahkamlagich qismi, palaxmon tosh, sovut, temir o‘roq, miloddan avvalgi III- II asrlarga oid qo‘rg‘oshin tayoqcha kabi noyob topilmalar ham mavjud.
– Ko‘rgazma biz o‘tmishi buyuk xalq avlodi ekanimizni keng namoyon etib turgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Termiz davlat universiteti tarix fakulteti talabasi D.Mo‘minov. – Bu yerdan o‘rin olgan topilmalar qadimiy yurtning taraqqiyot bosqichlari va ajdodlarimizning turmush tarzi, boy madaniyati, harbiy salohiyati, Vatanga muhabbati, xalqiga sadoqatini yanada chuqur o‘rganishda bebaho xazina vazifasini o‘taydi.