O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ertamiz bugunimizdan farovon bo‘ladi
2015-03-29 | Siyosat
Farg'ona. Viloyatdagi 947 saylov uchastkasida ovoz berish davom etmoqda. Ro'yxatga olingan 2 million 342 mingdan ziyod saylovchining o'z konstitutsiyaviy huquqini erkin ifoda etishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Farg'ona tumani Vodil qishlog'idagi 784-saylov uchastkasida 2 ming 900 dan ortiq saylovchi ro'yxatga olingan. Ularning 19 nafari ilk bor ovoz beradi. Uchastkada ovoz berishni nuroniy otaxonlar boshlab berdi.
– Yoshim yetmish beshda, – deydi Fozil ota Temirov. – Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik xalqimizning eng ulug' boyligi. Buning uchun Yaratganga beadad shukronalar aytamiz. Prezident saylovi ertamizning bugundan ham farovon bo'lishini ta'minlashga xizmat qiladi.
Etmish bir mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan So'x tumanida 27 saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Chashma qishlog'idagi 436-saylov uchastkasida ovoz berish erta tongdan ko'tarinki kayfiyatda boshlandi. 2 ming 100 saylovchi ro'yxatga olingan uchastka zarur texnika va jihozlar, saylov jarayoniga oid huquqiy adabiyotlar bilan to'liq ta'minlangan.
– Saylov uchastkasiga kelolmaydigan saylovchilarning uyiga borish uchun komissiya a'zolari belgilanib, transport ajratildi, ko'chma quti bilan ta'minlandi, – deydi uchastka saylov komissiyasi raisi Madaminjon Abrorjonov. – Saylovchilarimiz juda faol. Ular qaysi nomzodga, nima uchun ovoz berayotganini juda yaxshi biladi.