O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida yosh ijrochilar bilan ochiq muloqot tashkil etildi
2017-10-04 | Madaniyat
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan mumtoz qo‘shiq, zamonaviy va milliy estrada, opera yo‘nalishida ijod qilayotgan yosh ijrochilar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Madaniyat vaziri B.Sayfullayev va boshqalar mamlakatimizda ijod ahlining erkin va samarali faoliyat ko‘rsatishi, ayniqsa, yosh iste’dodlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirib borishga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida mazkur yo‘nalishdagi dolzarb masalalar, ularni hal etish yo‘llari aniq belgilab berildi. Prezidentimizning O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart ekani va bunga hech qachon yo‘l qo‘yilmasligiga oid qimmatli fikrlari ijodkor ziyolilar, keng jamoatchilik, xalqimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Muloqotda qo‘shiqchilarning o‘z ustida ishlashi, ijodiy izlanishi, mahoratini oshirishi, yangi ijodiy g‘oyalarni olib chiqishi, ularning sahna madaniyati, muxlislarga munosabatlari kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Yosh ijrochilarning kelgusidagi rejalari, san’atning turli yo‘nalishlarini rivojlantirishga oid takliflari muhokama etildi.