O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“O‘zekspomarkaz”da “Ipak yo‘lida turizm” 23-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi ochildi

2017-10-04 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va BMT Jahon sayyohlik tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning sayyohlik firma va kompaniyalari, mehmonxonalar mutaxassislari, diplomatik korpus va soha vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati yuqori. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tibori natijasida turizm mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘iga aylantirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq soha rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Farmonda hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targ‘ibot qilish borasida qator vazifalar belgilangan. Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi bu borada muhim vositadir.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov, BMT Jahon sayyohlik tashkilotining loyihalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi D.Ilin va boshqalar O‘zbekistonda sayyohlik infratuzilmasi izchil rivojlanayotgani, ushbu sohaning yangi loyihalar va tarmoqlar hisobiga kengayib borayotgani, sayyohlarni jalb qilish uchun barcha sharoit yaratilganini alohida qayd etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon iqtisodiyotida sayyohlik sohasidan keladigan daromad neft va kimyo sanoatidan keyin uchinchi o‘rinda turar ekan. Lekin turizm mahsulotlari tabiiy boyliklar kabi vaqt o‘tishi bilan kamaymaydi, aksincha, ommalashib boraveradi. Shu jihatdan turizm bitmas-tuganmas daromad manbai hisoblanadi.

Mamlakatimizda turizmning ko‘plab yo‘nalishlari uchun imkoniyat bor. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi imkoniyatlardan to‘la foydalanishga keng yo‘l ochmoqda.

Yurtimiz boy madaniy-ma’naviy merosi, o‘tmish va zamon uyg‘unlashgan shaharlari, yuksak tafakkur va turmush tarzini o‘zida aks ettiruvchi urf-odatu an’analari, go‘zal tabiati, so‘lim maskanlari bilan dunyo sayyohlarini o‘ziga tortmoqda. Natijada O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar ko‘lami yildan-yilga oshib bormoqda.

Albatta, bunda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-totuvlik, xalqimizning mehmondo‘stlik fazilatlari, qolaversa, shinam va xizmat ko‘rsatishning yuqori sifatiga ega mehmonxonalar ko‘payib borayotgani muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Jahon sayyohlik tashkiloti bilan birgalikda xalqaro sayyohlik yarmarkalari, anjumanlar va seminarlar tashkil etib kelmoqda. Bu mamlakatimizning sayyohlik industriyasini yanada taraqqiy ettirish, sayyohlik sohasidagi milliy brendni ishlab chiqish imkonini bermoqda.

Turizm industriyasini an’anaviy madaniy-tarixiy sayyohlik bilan birga, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik, ishbilarmonlik turizmi, sport va davolanish-sog‘lomlashtirish kabi yangi salohiyatli turlar hisobiga rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Hududlarda yangi turlarni tashkil etish va ularni pasportlashtirish, turizm obyektlari bo‘yicha yagona milliy reyestrlarni shakllantirish, qo‘riqxonalar, ekomarkazlar, biosfera rezervatlarini o‘z ichiga olgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, jahon jamoatchiligini yurtimizning boy va rang-barang madaniyati, san’ati, sayyohlik sohasini yuksaltirishga xizmat qiladigan transport-logistika xizmatlari bilan yaqindan tanishtirish, xorijiy kompaniya va tashkilotlarning investorlar uchun yaratilgan qulayliklar va imtiyozlar haqidagi xabardorligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.

Navbatdagi Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi o‘zining ko‘lami va ishtirokchilari soni, milliy stendlarda namoyish etilayotgan ko‘rgazmalar miqyosi va mazmun jihatdan boyligi bilan ajralib turibdi. Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Xitoy, Tailand, Misr, Singapur, Malayziya, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya singari 32 mamlakatdan 50 dan ziyod firma va kompaniya vakillari ishtirok etayotgani fikrimizning isbotidir.

– Mazkur tadbirning “Ipak yo‘lida turizm” deb nomlanishi va O‘zbekistonda o‘tkazilishi bejiz emas, – deydi Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot va turizm vaziri o‘rinbosari Azamat Jamanqulov. – Zero, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar asrlar osha o‘zbek xalqining o‘zligini namoyon etuvchi madaniy meros sifatida dunyo afkor ommasi, sayyohlar diqqat-e’tiborida bo‘lgan. Mamlakatingizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, o‘zaro manfaatli hamkorlik tashabbuslari butun Markaziy Osiyo mintaqasining turizm salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida yirik tarmoqli mehmonxona majmualari hamda xususiy otellar, sanatoriyalar, kurortlar, logistika va avtotransport kompaniyalari, temir yo‘llar va aviatashuvchilar, turoperatorlar, turagentlar, turbiznes va boshqa sayyohlik xizmatlarining dasturiy ta’minotchilari, muzeylar hamda dam olish sanoati korxonalarining xizmatlari namoyish etilmoqda. Yarmarkada madaniy-tarixiy, biznes, sport va ekologik sayohatlar, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi, sog‘lomlashtirish, gastronomik turizm kabi yo‘nalishlarga oid bo‘limlarda sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlari qamrab olingan.

Ko‘rgazma milliy pavilonidan mamlakatimiz barcha hududlarining sayyohlik salohiyatini namoyish etuvchi taqdimot stendlari o‘rin olgan. Ularda har bir viloyatning o‘ziga xos milliy madaniyati, turizm imkoniyatlari namoyish etilmoqda.

Sharq taomlari o‘zining rang-barangligi, tayyorlash usuli va mazasi bilan mashhur. Yarmarka doirasida an’anaviy taom tayyorlash usullari namoyishi – “Ipak yo‘li ta’mi” nomli milliy taomlar festivali o‘tkazilmoqda. Bu tadbir mamlakatimiz bo‘ylab gastronomik sayyohlikni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.

– O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda faol rivojlanmoqda, – deydi Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Lisze. – Qadimiy va boqiy Buxoro, Sharq gavhari – Samarqand, azim Toshkent va osmon ostidagi muzey – Xiva shaharlarini tomosha qilish uchun har yili minglab xitoylik sayyohlar bu yerga kelishmoqda. Mazkur yarmarka sayyohlik sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi.

“Sharq bozori” ekspozitsiyasi tomoshabinlar bilan gavjum. Unda xalqimizning savdo-sotiq madaniyati, milliy ma’naviyat, ijodkorlik salohiyati, mehmondo‘stlik kabi ezgu qadriyatlari bor bo‘y-basti bilan namoyon.

“Hosted Buyers” (Professional xaridorlar) dasturi uchrashuvlarida xorijiy kompaniyalar rahbar va menejerlari mamlakatimizdagi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, Samarqand va Xiva shaharlariga sayohatlar uyushtirish, hamkorlik o‘rnatish va manfaatli shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘lishmoqda.

Xalqaro turizm yarmarkasi 5 oktyabrgacha davom etadi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA

Поделиться