O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inson huquqlari bo‘yicha ochiq muloqot
2017-10-04 | Siyosat
«Taraqqiyot strategiyasi» markazida 3-oktabr kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A.Shahid boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar, diniy konfessiyalar vakillari ishtirok etdi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori A.Burhonov, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi A.Karimov, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilangani mamlakatimizda millatlararo va diniy konfessiyalararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalar bilan bir qatorda etnik-madaniy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda yurtimizda 16 konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar, 140 ga yaqin milliy-madaniy markaz, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Milliy qonunchiligimizda fuqarolarning e’tiqod erkinligi kafolatlangan, diniy e’tiqodni fuqarolar yoki ularning qonuniy birlashmalarining shaxsiy ishi deb bilish, barcha uchun teng huquq va erkinliklarni ta’minlash kabi normalar mustahkamlangan. Fuqarolar diniy bayramlar va boshqa marosimlarni emin-erkin nishonlamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillarining milliy qadriyatlarini rivojlantirish, millatlararo ahillik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A.Shahid boshchiligidagi delegatsiyaning ushbu tashrifi joriy yil iyun oyida mamlakatimiz va Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi o‘rtasida ishlab chiqilgan harakatlar rejasi asosida amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda A.Shahid O‘zbekistonda din va e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishuvidan ko‘zlangan maqsad, mamlakatimizning bu boradagi tajribasi hamda tashrif yakunida ishlab chiqiladigan xulosalar haqida so‘z yuritdi. BMT faoliyatida markaziy o‘rin egallaydigan Maxsus ma’ruzachilar tizimi barcha fuqarolik, madaniy, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy huquqlarni qamrab olishini, mazkur tanishuv O‘zbekiston bilan Boshqarma o‘rtasidagi ochiq va amaliy muloqotni yanada kengaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Tadbirda nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari delegatsiya a’zolariga O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, turli millat va elat, din va konfessiya vakillari o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar va ularning samaralari haqida batafsil ma’lumot berdi. Fuqarolarning erkin e’tiqod qilishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani O‘zbekistonda tinchlik-osoyishtalik va o‘zaro bag‘rikenglik muhitini ta’minlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Delegatsiya a’zolari shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan uchrashdi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligida ham muzokaralar o‘tkazdi.