O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elektron sudlov–adolatni ta’minlashda samarali vosita
2017-10-03 | Jamiyat
Odil sudlov samaradorligini oshirish maqsadida sud tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilayotgani sohada ochiqlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bu yo‘nalishdagi ishlar yanada takomillashmoqda.
O‘zA muxbiri mazkur qaror ijrosi doirasida qilinayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov bilan suhbatlashdi.
– Biz yashayotgan axborot asri barcha sohalardan tezkorlikni, innovatsion ish yuritishni taqozo etmoqda, – deydi X.Yodgorov. – Prezidentimizning sud tizimida ana shunday ish yuritishni kengaytirish maqsadida qabul qilgan qarori yangi imkoniyatlar yaratdi.
Qaror bilan 2017-2020-yillarda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturi tasdiqlandi. Mazkur hujjatda sudlarda ishlarning o‘z vaqtida ko‘rilishi ustidan samarali nazorat tizimini yaratish maqsadida ularning ishini avtomatlashtirish va faoliyati haqidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Axborot tizimlari va resurslarining takomillashuvi, sudlar tizimida axborot xavfsizligi va xavfsiz elektron hujjat aylanishi ta’minlanishi, sudyalar va sud xodimlarining komputer savodxonligi va o‘z ishida AKTdan foydalanish darajasi oshirilishi, shubhasiz, ishlarni ko‘rish samaradorligini yanada oshiradi.
– Ayni paytda sud tizimida axborot-kommunikatsiya vositalaridan qanday foydalanilmoqda?
– Sudlarga kelib tushayotgan protsessual murojaatlarni ko‘rib chiqishni soddalashtirish, bu borada sansalorlik, byurokratizmga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatiga E-Sud – milliy elektron sudlov axborot tizimi joriy etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi, BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida yaratilgan bu tizim murojaat qiluvchilarga qulaylik yaratish bilan birga, sud xodimlari tomonidan o‘z mansabini suiste’mol qilish holatlariga barham berishda muhim omil bo‘layotir.
E-Sudga 75 fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning 60 ga yaqini ulangan. Joriy yilning boshidan buyon 210 mingga yaqin ariza tizimga elektron shaklda kelib tushdi va qonun doirasida hal etildi.
Tizim orqali ariza, shikoyat va boshqa hujjatlarni sudga elektron vositalar yordamida jo‘natish mumkin. Bu taraflarning ovoragarchiligi, turli sansalorliklar, ortiqcha qog‘ozbozlik va boshqa sarf-xarajatlarga chek qo‘yadi.
Sudga murojaat qilgan da’vogarlar ish bilan bog‘liq protsessual jarayonlar, ya’ni ishning tayinlanganligi, qoldirilganligi, to‘xtatilganligi yoki ko‘rish natijasida biror-bir to‘xtamga kelinganligi haqidagi ma’lumotlardan internet tarmog‘idagi shaxsiy kabineti orqali xabardor bo‘lishi imkoniyati mavjud.
Sud faoliyatiga oid statistik ma’lumotlar, hisobotlar va shunga o‘xshash boshqa tahliliy ma’lumotnomalarni avtomatik ravishda tizimdagi dastur tomonidan tayyorlash mexanizmi joriy etildi. Bu hisob-kitobdagi xatoliklar, muddatlarning kechiktirilishi kabi noxush holatlarning oldini olmoqda.
Sudga murojaat qilishda to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat boji miqdori va da’vo arizasi hamda arizalarga ilova qilinishi talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati ham ushbu tizimning ma’lumotlar bazasiga kiritilgan. Sudyalar tomonidan qabul qilinishi mumkin bo‘lgan 104 turdagi ajrim, 11 turdagi sud buyrug‘i va 40 turdan ortiq hal qiluv qarorining namunaviy nusxalari ham tizimga kiritildi.
2017-yilda E-Sudni yanada kengroq joriy qilishga e’tibor qaratildi. Xususan, Farg‘ona vodiysidagi sudlar 57 zamonaviy komputer texnikasi jamlanmasi bilan ta’minlandi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, milliy elektron sudlov axborot tizimi yutuqlari bugungi kunga kelib jamoatchilik tomonidan keng e’tirof qilinmoqda. Xususan, BMT Taraqqiyot dasturining barqaror rivojlanish natijalariga bag‘ishlangan global axborotnomasining avgust oyidagi sonida E-Sudning imkoniyatlari va afzalliklari to‘g‘risida maxsus maqola nashr qilindi. Unda tizimga ulangan sudlarda erishilgan amaliy natijalar xususida qiziqarli ma’lumotlar berilgan.
– Sud tizimi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan qachon to‘liq qamrab olinadi?
– Aniq aytish mumkinki, joriy yil oxirigacha E-Sud axborot tizimi mamlakatimizning barcha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarida joriy etiladi. Tizimni boshqa axborot tizimlari bilan integratsiyalashtirish va fuqarolarga yangi interfaol xizmatlarni yaratish borasida amaliy ishlar davom ettiriladi.
Xususan, sud qarorlarining haqiqiyligini tekshirish imkoniyatini beruvchi mexanizmlaridan biri – QR Sode xizmati ishga tushirildi. Ayni chog‘da dasturchilar tomonidan E-Sud axborot tizimining keyingi bosqichi, ya’ni taraflardan apellatsiya va kassatsiya shikoyatlarini qabul qilish, ularni ko‘rib chiqish va sud hujjatlarini yuborish qismi ham ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, sudlarga davlat boji va boshqa sud xarajatlarini elektron tarzda to‘lash imkoniyatini yaratish uchun E-Sud axborot tizimini Billing tizimi, ya’ni UzKart yoki boshqa elektron to‘lov tizimi bilan integratsiyalash, ortiqcha vaqt sarflanishi va ovoragarchilikning oldini olishga qaratilgan kalkulatsiya xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bu kabi izchil ishlar, albatta, kelgusida sud sohasida zamonaviy tizimlar yanada keng joriy etilishi, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish samaradorligi oshishiga zamin yaratadi.