O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Profilaktika inspektorlariga xizmat uyi va avtomashina kaliti topshirildi

2017-10-03 | Jamiyat

Samarqand shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali o‘rnatilgan maydonda Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, turli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, profilaktika inspektorlarining oila a’zolari ishtirok etdi. 

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, mamlakatimizda ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va zamon talablari asosida tashkil etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash tizimini yangicha asosda yo‘lga qo‘yish yuzasidan davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari qabul qilindi. 

Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, profilaktika inspektorlariga barcha sharoitga ega xizmat uyi va yengil avtomashina topshirilmoqda.

Samarqand viloyatida 700 dan ortiq profilaktika inspektori faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning o‘z hududlarida osoyishtalik va aholi xavfsizligini ta’minlashi, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida muntazam profilaktika tadbirlari olib borishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada mahalla fuqarolar yig‘inlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik yaxshi samara berayotir. 

Marosimda profilaktika inspektorlari tantanali qasamyod qabul qildi va ularga zamonaviy xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomashinalar kaliti topshirildi. 

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev, Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Sh.Jalilov va boshqalar Prezidentimizning alohida e’tibori tufayli profilaktika inspektorlari samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit yaratilayotganini ta’kidladi. Ularning munosib turmush sharoitida hayot kechirishi uchun o‘z xizmat hududida uy-joy qurib berilayotgani va imtiyozli asosda shaxsiy avtomobil bilan ta’minlanayotgani ana shu yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir. 

– Bugun O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyida, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ota-onam oldida tantanali qasamyod qilar ekanman, kasbimning naqadar sharafli va mas’uliyatli ekanini yana bir bor chuqur his qildim, – deydi Urgut tumanidagi Chorraha mahallasi profilaktika inspektori Zikir Husenov. – Mahalla fuqarolar yig‘ini bilan yaqin hamkorlikda faoliyat ko‘rsatayotganim tufayli ikki yildan buyon xizmat hududimda jinoyat sodir etilmadi. Lekin bu xotirjamlik uchun asos bo‘lmaydi. Davlatimiz tomonidan biz uchun shunday keng imkoniyat va sharoitlar yaratilib, uy-joy, yengil avtomashina berildi. Endi tunu kun aholi orasida bo‘lib, xizmat burchimizni yanada sidqidildan bajaramiz. 

Tadbirda profilaktika inspektorlarining ota-onalari va oila a’zolari ham so‘zga chiqib, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimizga, davlatimizga minnatdorlik bildirdi. 

– Bugun bizning oilamiz uchun unutilmas quvonchli kun bo‘ldi, – deydi Pastdarg‘om tumanida yashovchi Zuhra Yusupova. – Turmush o‘rtog‘im Isoxon Jamilovga xizmat uyi va avtomashina kaliti topshirildi. Shu paytgacha u kishi yashash joyimizdan ancha uzoq masofaga qatnab ishlar va bu noqulay bo‘lish bilan birga, bizni ham xavotirda o‘tirishga majbur qilardi. Endi turmush o‘rtog‘im faoliyat ko‘rsatadigan hududda barcha qulayliklarga ega uyda yashaymiz va xizmat vazifasini bekamu ko‘st ado etishiga yordam beramiz. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov ishtirok etdi.

 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA

Поделиться