O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazda uchrashuv
2017-10-03 | Siyosat
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A.Shahid boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 2-oktabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq din va e’tiqod erkinligi, millatlararo va diniy konfessiyalararo totuvlik hamda bag‘rikenglik tamoyillari hayotga tatbiq etilayotgani yuksak samaralar berayotgani qayd etildi.
Muloqotda mamlakatimizda turli millat va din vakillarining huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlash, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolarning din va e’tiqod erkinligi masalasi qonunchilikda kafolatlangan. Mamlakatimizda ayni paytda 2 ming 241 diniy tashkilot faoliyat yuritayotgani ham buni tasdiqlaydi. Islom, xristian tashkilotlari, yahudiy, bahoiy jamoalari, Krishna jamiyati va Budda ibodatxonasi fuqarolarning diniy ibodat va marosimlarni to‘liq ado etishiga imkon berayotir. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasining Toshkent pravoslav seminariyasi hamda Toshkent protestant seminariyasida ta’lim olish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgani yurtimizda hukm surayotgan bag‘rikenglikning amaliy ifodasidir.
O‘zbekistonda istiqlol yillarida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, ta’limning o‘zbek, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik tillari, jami yetti tilda olib boriladigan tizimi yaratildi. Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash orqali jamiyat taraqqiyotini ta’minlashda davlat tashkilotlari bilan birga, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar faoliyat yuritayotgani, Prezidentimizning joriy yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi ta’sis etilib, diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimi joriy etilgani yoshlarni ma’rifat, ezgulik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘layotir.
Fuqarolar qonuniy manfaatlarini ta’minlashda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining ham alohida o‘rni bor. Markaz tomonidan qator xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va rag‘batlantirishga qaratilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Uchrashuvda mamlakatimizda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar ijrosi, shuningdek, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A.Shahid boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Tashqi ishlar va Adliya vazirliklarida ham muzokaralar o‘tkazdi.