“Turkiston” saroyida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Yoshlarning teran ma’naviyat, yuksak intellektual salohiyat sohibi bo‘lib kamolga yetishi ko‘p jihatdan fidoyi ustozlar, kasbiga sodiq o‘qituvchilar, jonkuyar murabbiylarga bog‘liq. Mamlakatimizda 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng nishonlanayotgan shu kunlarda ayni jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Umumxalq bayrami arafasida poytaxtimizga yurtimizdagi ta’lim muassasalarining ilg‘or o‘qituvchilari, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi. Bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlar, muloqot va anjumanlar jarayonida navqiron avlodga puxta bilim berish, ularni buyuk ajdodlarimizga munosib insonlar etib tarbiyalash, milliy hayot tarzimizga, ma’naviyatimizga zid va zararli bo‘lgan g‘oyalar ta’siridan ishonchli himoyalashda pedagoglarning burchi va mas’uliyati xususida atroflicha so‘z yuritilib, galdagi vazifalar belgilab olinmoqda.
Tadbir ishtirokchilari 29-sentabr kuni poytaxtimizdagi Mustaqillik maydonida bo‘lib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, Buyuk Yo‘lboshchimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Ustoz va murabbiylar shahrimizdagi ma’rifiy maskanlar, jumladan, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bilan tanishdi.
Shu kuni poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat vazirliklari xodimlari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, maktablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining pedagoglari, sport murabbiylari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.
Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ta’lim sohasini tubdan isloh etish, yurtimiz yoshlarini hech kimdan kam bo‘lmagan, har jihatdan sog‘lom, teran, sog‘lom va mustaqil tafakkurli insonlar etib kamolga yetkazish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Bu jabhadagi ezgu sa’y-harakatlar bugun ham izchil, shiddatli davr talabiga hamohang tarzda davom ettirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv maskanlarini qurish, rekonstruksiya qilish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni hayotga izchil joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu jarayonda o‘quv-ma’rifiy islohotlarning xalqimiz, ayniqsa, ota-onalar, pedagoglar, o‘quvchi-yoshlar, keng jamoatchilikning orzu-intilishlariga, maqsad-muddaolariga monand bo‘lishini to‘liq ta’minlashga erishilayotgani o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va intilishini kuchaytirish, ularni turli mafkuraviy xatarlardan himoyalashda muhim omil bo‘lmoqda. Ayni jihatlar umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yangi o‘quv yilidan boshlab 10-sinflarning tashkil etilgani, o‘quvchilarning intilishiga qarab ular maktab, kollej yoki litseylarda ta’limni davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilganida namoyon bo‘lmoqda.
Sohada qabul qilinayotgan qonun hujjatlariga muvofiq sifatli ta’lim imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash, maktabgacha ta’lim dargohlari tarmog‘ini kengaytirish, ularda bolalarning har jihatdan rivojlanishi uchun sharoitlarni yaxshilash, umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan oshirish yuzasidan tizimli ishlar bajarilmoqda.
Pedagogika sohasida umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun maqsadli kadrlar tayyorlash, bunda o‘qitishning sirtqi shaklidan keng foydalanish, yurtimizning olis hududlari maktablarini yuqori malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chirchiq shahrida pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasining tashkil etilishi o‘qituvchi kadrlarni tayyorlash, joylarda ushbu kasb egalariga bo‘lgan talabni to‘liqroq qondirish yo‘lidagi yana bir amaliy qadam bo‘ldi.
Prezidentimizning istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirish "Iste’dod" jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlariga doir amaliy tashabbuslari yuqori kasb salohiyatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar safining kengayishida muhim omil bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi, huquq va manfaatlari, ijtimoiy himoyasi, ularning kelajagi haqida bildirgan amaliy takliflari mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan ulkan e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir. Chuqur tahliliy-ilmiy yondashuvga asoslangan bu g‘oya va tashabbuslar yurtimiz pedagoglarini yosh avlod tarbiyasiga har qachongidan ham ulkanroq mas’uliyat, yanada hushyorlik va ogohlik bilan yondashuvga chorlamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan pedagoglarning kasb salohiyatini yuksaltirish, ularni o‘z ustida ko‘proq ishlashga, izlanishga doir qator ma’rifiy loyihalar, ijodiy tanlovlar, fan o‘qituvchilarining anjumanlari o‘tkazilmoqda. "Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi", "Yilning eng yaxshi maktabi", "Yilning eng yaxshi psixologi", "Yilning eng yaxshi tarbiyachisi" kabi tanlovlar sohadagi ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish, fidoyi ustozlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-sentabrdagi farmoniga muvofiq ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhi Vatanimizning faxriy unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Tadbirda Xalq ta’limi vazirligining "Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi", Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining "Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi" ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi maskanlarining faol pedagoglari diplom va sovrinlar bilan taqdirlandi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi Ra’no Fozilova, boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Olimpiya o‘yinlari sovrindori, jahon chempioni Shahram G‘iyosov mamlakatimizda yoshlar kamolotiga ko‘rsatilayotgan betimsol g‘amxo‘rliklar, o‘qituvchilik kasbini ulug‘lash borasidagi amaliy e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. "Yoshlik" jurnali bosh muharriri, shoir Nodir Jonuzoq o‘qituvchi va murabbiylarga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi.
San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.Yunusxodjayev ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova, Oqil G‘ulomov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA