O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat moliyasi hamda davlat xaridlarini isloh qilish yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining davlat budjeti g‘azna ijrosi sharoitida amalga oshirayotgan chora-tadbirlari press-relizi
2017-09-26 | Iqtisodiyot
2017 yil 14 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida “Davlat moliyasi hamda davlat xaridlarini isloh qilish yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining davlat budjeti g‘azna ijrosi sharoitida amalga oshirayotgan chora-tadbirlari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Mazkur matbuot anjumani O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi hamda O‘quv markazi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda vazirliklar, idoralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Matbuot anjumanini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, OAV orqali jamoatchilikni davlat moliyasi tizimini isloh etish va mablag‘larni boshqarishning joriy jarayonlari, dolzarb muammolari va tizimda amalga oshirilgan tarkibiy o‘zgartirishlar bilan tanishtirish bo‘ldi.
Mazkur anjumanda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 martda qabul qilingan PQ–2847-sonli “Moliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida moliya organlari faoliyatini tubdan isloh qilish, fiskal siyosatga qat’iy rioya qilish, iqtisodiyotning real sektori va ijtimoiy sohani barqaror, mutanosib ravishda ildam rivojlanishini ta’minlash, mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini mustahkamlash bo‘yicha dolzarb vazifalar va yo‘nalishlar belgilab berilgan.
Tadbir jarayonida ishtirokchilarga Moliya vazirligi tomonidan Davlat budjetining daromadlari qismi prognoz parametrlari ijrosining ta’minlanishi borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot taqdim etildi.
Budjetlararo munosabatlarda oqilona siyosat yuritish evaziga olib borilgan tezkor chora-tadbirlar mintaqalarga to‘liq miqdorda subvensiyalar ajratilishini ta’minladi.
Alohida ravishda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 fevraldagi 141-sonli farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Mahalliy budjetlar, tumanlar va shaharlarni subvensiyadan bosqichma-bosqich chiqarish va ularning subvensiya darajasini kamaytirish, daromad bazasini kengaytirish bo‘yicha respublika komissiyasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida 2007 yildan faoliyatini amalga oshirib kelayotgan G‘aznachilik tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan:
- barcha mablag‘lar yagona g‘azna hisobvarag‘iga kelib jamlanayotgani, undan barcha xarajatlar amalga oshirilayotganligi;
- budjet tashkilotlarida yuridik majburiyatlarni ro‘yxatga olish va joriy nazorat tizimi joriy etilganligi, buning evaziga mablag‘lar tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida sarflanayotganligi va asossiz xarajatlarga chek qo‘yilganligi;
- tovarlar yetkazib beruvchilarining hisobvaraqlariga xarajatlar smetalarida va qayd etilgan shartnomalarda ko‘rsatilgan summalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lash mexanizmi joriy etilganligi munosabati bilan to‘lov intizomiga rioya etish amaliyoti qat’iy ta’minlanganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, davlat xaridlarining barcha bosqichini tartibga soladigan hamda budjetdan mablag‘ oluvchilar va tovar (ish, hizmat)larni yetkazib beruvchilar uchun Davlat budjetining g‘azna ijrosini ta’minlashda axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasida malakasini oshirishga qaratilgan yagona huquqiy hujjat ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 sentyabrdagi PF–5185-sonli “O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Moliya vazirligi tomonidan bir qator ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olinganligi va mazkur ustuvor yo‘nalishlar doirasida:
- davlat moliyasini boshqarishning yagona axborot tizimini to‘liq joriy etish;
- xalqaro standartlar asosida davlat sektori uchun buxgalteriya hisobining milliy standartlarini ishlab chiqish tadbirlari rejalashtirib qo‘yildi.
Shuningdek, matbuot anjumanida Moliya vazirligi tizimida koorupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muntazam olib borilayotgan ishlar haqida ham atroflicha axborot berildi.