O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimizning BMT minbaridan so‘zlagan nutqi o‘rganilmoqda
2017-09-27 | Jamiyat
Nukusda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi mazmun-mohiyatini partiya faollari o‘rtasida o‘qib-o‘rganish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
O‘zXDPning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasi a’zolari, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhi a’zolari, O‘zXDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi, tuman va shahar kengashlari raislari, mas’ul xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi G.Annaqlicheva, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasi a’zosi Ye.To‘raniyozov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi butun xalqimiz, ayniqsa, Orolbo‘yida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizni to‘lqinlantirib, barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaganini ta’kidladi. 170 dan ortiq masala muhokama etilgan nufuzli xalqaro anjumanda Prezidentimiz jahon hamjamiyati e’tiborini O‘zbekistondagi demokratik jarayonlar, inson huquqlari, yoshlar masalasi, diniy bag‘rikenglik, tinchlikni asrash, mintaqaviy hamkorlik, ekologiya sohalarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga qaratdi. Unda yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish faollashgani, xalqaro aloqalar uchun keng erkinlik yaratilgani alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, degan tamoyillar, shuningdek, yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, Bosh Assambleyaning "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolutsiyasini qabul qilish bo‘yicha bildirgan takliflari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Eng muhimi, davlatimiz rahbari dunyo hamjamiyatining e’tiborini bugungi kunning o‘tkir ekologik muammolaridan biri – Orol halokatiga yana bir bor qaratgani, dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etishda xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni birlashtirish lozimligi haqida bong urgani, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston ahlini g‘oyat to‘lqinlantirib yubordi.
– Orolning bugungi ahvolini hammadan ko‘ra biz yaxshi bilamiz, – deydi O‘zXDPning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasi a’zosi, mo‘ynoqlik Bibigul Yerjanova. – Prezidentimiz joriy yil boshidan Mo‘ynoq tumaniga alohida e’tibor qaratib, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi tashabbuskori bo‘ldi. O‘tgan qisqa muddatda 101 kilometr masofaga quvur yotqizilib, toza ichimlik suvi keltirildi, maktab, bolalar bog‘chasi, zamonaviy avtostansiya ishga tushirildi, qator sanoat korxonalari bunyod etilmoqda. Yo‘llar asfalt qilinib, tumanimiz kundan-kun yasharib-yashnamoqda. Amudaryo va Sirdaryo suvlaridan oqilona foydalanish, mintaqada ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha kuyunib aytgan fikrlarini biz, Mo‘ynoq aholisi jon-dilimiz bilan tingladik.
Tadbirda Prezidentimiz nutqining mazmun-mohiyatini partiya elektorati o‘rtasida keng targ‘ib etish bo‘yicha O‘zXDPning Qorakalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasi, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhlari, partiyaning tuman va shahar kengashlari oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab olindi.