O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nukus, Navoiy, Jizzax, Qo‘qon, Chirchiq davlat pedagogika institutlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufiga berildi
2017-09-27 | Ta’lim
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabr kuni qabul qilingan “Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti va Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufiga berildi.
Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarini tegishli hududdagi oliy ta’lim muassasalari tasarrufiga berilib, ular negizida Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari tashkil etildi.
Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti va Respublika ilmiy-pedagogika kutubxonasi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufiga berildi.
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini ko‘tarishga xizmat qiladi.