O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladi
2015-03-29 | Jamiyat
Bugun soat 06:00 da O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi barcha 14 saylov okrugida 9015 saylov uchastkasi ochiladi. Shuningdek, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida yana 44 saylov uchastkasi o'z faoliyatini boshlaydi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jamiyatimizni yanada demokratlashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilishning navbatdagi muhim bosqichi bo'ladi.
Mustaqillik yillarida O'zbekistonda xalqaro standartlariga to'liq mos keladigan demokratik saylovlarni o'tkazish bo'yicha katta tajriba to'plandi. Bu borada samarali qonunchilik va me'yoriy-huquqiy baza shakllantirildi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to'g'risida", "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi va boshqa qonunlarda fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlangan.
Shu bilan birga, saylovlarni tashkil etish va o'tkazish bo'yicha milliy amaliyotni yanada yaxshilash maqsadida saylov qonunchiligi muntazam takomillashtirilmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazishga mas'ul konstitutsiyaviy organ sifatida O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligining huquqiy kafolatlari mustahkamlandi, mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik hamda adolatlilik komissiya faoliyatining asosiy prinsiplari etib belgilandi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi va "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunga ko'ra, saylov umumiy, teng va to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo'li bilan o'tkaziladi. Mamlakatimiz hayotidagi ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy voqeaga milliy saylov qonunchiligimizga muvofiq ravishda tayyorgarlik ko'rildi.
Saylovchilar ro'yxatiga 20 million 798 ming 52 fuqaro kiritilgan bo'lib, ularning 10 million nafardan ziyodi 30 yoshgacha bo'lgan yigit-qizlardir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturi doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalari tomonidan fuqarolarning saylov huquqlarini ta'minlashga qaratilgan samarali ishlar amalga oshirildi. Barcha saylov uchastkalari zarur aloqa vositalari, komputer va tashkiliy texnika, huquqiy adabiyotlar bilan ta'minlandi. Maxsus belgilangan joylarda yashirin ovoz berish uchun saylov kabinalari, saylov qutilari o'rnatildi. Shuningdek, saylov uchastkasiga kela olmaydigan saylovchilarning yashash joyida ovoz berishini tashkil etish choralari ko'rildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida to'rt nomzod – O'zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan Akmal Saidov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Islom Karimov, O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarov ishtirok etmoqda.
Saylov kampaniyasi davomida saylovning ochiq va oshkoraligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratildi. Bu jarayonda kuzatuvchilar instituti va ommaviy axborot vositalari muhim o'rin tutadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 43 davlat va besh xalqaro tashkilot – YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo'stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkilotidan 300 ga yaqin kuzatuvchi ro'yxatga olindi. Ular orasida milliy parlamentlar hamda saylov organlari rahbarlari va a'zolari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, olimlar, siyosatshunoslar bor.
O'zbekistonda saylov jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1000 ga yaqin vakili yoritib bormoqda. Saylovni yoritish bo'yicha respublika matbuot markazi ularni axborot bilan tezkor ta'minlamoqda. Shuningdek, bu yerda saylov kuni ovoz berish jarayonining borishi haqida brifinglar tashkil etiladi.