O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Farovonlikka xizmat qiluvchi loyiha

2017-09-27 | Iqtisodiyot

Mamlakatimizda yo‘l-transport, energetika va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish orqali aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladigan ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Birinchi Prezidentimizning 2013-yil 28-martdagi Namangan viloyatida quvvati 900 mVtli issiqlik elektr stansiyasini qurishni tashkillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori asosida To‘raqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan issiqlik elektr stansiyasi mamlakatimiz energetika sohasi salohiyatini oshirish borasidagi istiqbolli loyihalardan biridir. 

2013-2020-yillarga mo‘ljallangan mazkur loyihaga ko‘ra, har biri 450, umumiy quvvati 900 megavattli ikkita zamonaviy bug‘-gaz turbinasini qurib ishga tushirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, u Farg‘ona vodiysi viloyatlarida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni to‘la ta’minlash, bu boradagi muammolarni bartaraf etish, yonilg‘i resurslarini tejash, eng muhimi, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. 

“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati buyurtmasi asosida barpo etilayotgan va umumiy qiymati qariyb 1 milliard 200 million dollarga teng ushbu loyiha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va davlat byudjeti tomonidan moliyalashtiriladi. 

Mazkur obyektda o‘tgan davr mobaynida asosiy qurilish-montaj ishlariga tayyorgarlik doirasida salmoqli ishlar qilindi. 

– Stansiya qurilishi 2013-yilda boshlangan, – deydi “To‘raqo‘rg‘on issiqlik stansiyasi qurilishi” unitar korxonasi direktori vazifasini bajaruvchi N.Nasibaliyev. – Hozirgacha obyektga eltadigan yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etildi, direksiya ma’muriyati uchun ikki qavatli bino, yong‘in xavfsizligi xizmati inshootlari, soatiga 120 kubometr beton ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod va boshqa yordamchi xo‘jalik inshootlari qurib bitkazildi. Ayni paytda kelgusida stansiyada ishlaydigan 750 nafar ishchi-xizmatchi uchun turar joy binolari qurish, ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, bug‘-gaz qurilmasi, dispetcherlik punkti, markaziy va boshqa omborxonalar barpo etish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Rejadagi 2 million 513 ming kubometrdan ziyod yer ishlaridan 1 million 925 ming kubometri bajarib bo‘lindi.

Darhaqiqat, issiqlik elektr stansiyasi uchun ajratilgan 90 gektardan ziyod yer ulkan qurilish maydonini eslatadi. Bu yerda 370 dan ziyod ishchi-xizmatchi, jumladan, 42 nafar xorijlik mutaxassis mehnat qilmoqda. 80 dan ortiq maxsus texnika vositasi jalb qilingan. Obyektda joriy yil yakuniga qadar 100 million dollarlik qurilish-montaj ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. 

Energobloklar qurilishi Yaponiyaning Mitsubishi corporation va Mitsubishi hitachi power system kompaniyalar konsorsiumi bosh pudratchiligida bajariladi. Loyihada Turkiyaning Calik energi kompaniyasi ham bosh yordamchi pudratchi sifatida hamkorlik qilmoqda. Qurilish ishlari sifati esa buyurtmachi va uning konsultanti – Yaponiyaning TEPSKO kompaniyasi tomonidan nazorat qilib boriladi. 

Shu o‘rinda issiqlik elektr stansiyasi uchun kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ham ta’kidlash lozim. Ushbu o‘quv yilidan boshlab To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Yortepa qishlog‘ida joylashgan kasb-hunar kolleji yo‘nalishi o‘zgartirilib, energetika kollejiga aylantirildi. Bu yerda to‘qqiz mutaxassislik bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi. Ayni paytda 270 nafar yigit-qiz issiqlik elektr stansiyasiga zarur mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olmoqda. Namangan muhandislik-qurilish institutida ham oliy ma’lumotli energetiklar tayyorlash boshlangan. Ular ishlab chiqarish amaliyotini yangi inshootda o‘tkazadi va keyinchalik shu yerga ishga qabul qilinadi 

1-energobloki 2019-yilning dekabrida, 2-energobloki va issiqlik elektrostansiyasining to‘liq ishga tushirilishi 2020-yil mart oyiga mo‘ljallangan mazkur loyiha nafaqat Farg‘ona vodiysini elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi, balki mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ham muhim ahamiyat kasb etadi. 
 

 

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA

Поделиться