O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osoyishtalik posbonlari qasamyod qildi
2017-09-27 | Jamiyat
Urganch shahrining Jaloliddin Manguberdi nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining hududda fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalashga bag‘ishlangan tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, turli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, profilaktika inspektorlarining oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda 120 nafar profilaktika inspektoriga zamonaviy xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomashinalar kaliti topshirildi.
Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi I.Sobirov va boshqalar mamlakatimizda xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifani sidqidildan bajarib, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan profilaktika inspektorlariga qulay hamda zamonaviy mehnat va turmush sharoiti yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ichki ishlar organlarini ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar soha faoliyatini tubdan takomillashtirish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda yuksak samaralar bermoqda.
Xorazm viloyatida huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari hamkorligida o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari davomida mingga yaqin jinoyat fosh etildi. Mahallalarda profilaktika ishlari keng yo‘lga qo‘yilgani, aholi o‘rtasida xuquqiy targ‘ibot samaradorligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida joriy yilda viloyatning 159 mahallasida birorta ham jinoyat sodir etilmadi, umumiy jinoyatlar soni keskin kamaydi.
Profilaktika tadbirlarida, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan tadbirlarda o‘quvchilarning davomatini o‘rganish barobarida tarbiyasi og‘ir, jinoyatchilikka moyil o‘smirlar bilan alohida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Jinoyat sodir etgan yoshlarning qilmishi keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinayotir. Jumladan, joriy yilning shu davriga qadar mahallalarda o‘tkazilgan 5 mingdan ortiq uchrashuvda joylarda sodir etilgan jinoyat va xuquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari, bunday holatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.