O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shu Vatan farzandi ekanimdan faxrlanaman
2015-03-29 | Jamiyat
Yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, barcha sohadagi muvaffaqiyatlar, farovon hayotga o'z-o'zidan erishilgani yo'q. Buning zamirida uzoqni ko'zlab yuritilgan oqilona siyosat, inson manfaatlariga yo'naltirilgan islohotlar mujassamdir.
Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligini nishonlaymiz. O'tgan yillar davomida mamlakatimizda betimsol ishlar amalga oshirildi. Xususan, sog'liqni saqlash sohasining huquqiy va institutsional bazasini mustahkamlash, tibbiyot tizimini modernizatsiyalash, jahon tibbiyotining ilg'or texnologiyalarini sog'liqni saqlash sohasining barcha yo'nalishlariga izchil tatbiq etishga alohida e'tibor qaratilayotir.
Birlamchi tibbiy-profilaktika yordamining ko'lamini kengaytirish borasida o'ziga xos chora-tadbirlar hayotga tatbiq etildi. Joylarda uch mingga yaqin qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalar barpo etilib, yangi asbob-uskunalar bilan ta'minlandi. «Sog'lom ona – sog'lom bola» konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar ko'lami tobora kengayib borayotir.
Mamlakatimizda aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish sifatini oshirish, sog'liqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasini yuksaltirish, jahon andozalari darajasida tibbiyot muassasalarini barpo etish va jihozlash uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag' hajmi yildan-yilga ortib borayotir. 2014-yilda Investitsiya dasturi doirasida 137 inshootni barpo etish va rekonstruksiya qilish uchun 382,4 miliard so'm ajratildi. "Salomatlik-3" loyihasi doirasida tuman tibbiyot birlashmalariga diagnostika va davolash ishlarida qo'llaniladigan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berilmoqda.
Keyingi yillarda tibbiy-ijtimoiy islohotlar jarayonida aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib etish, tibbiy-profilaktika ko'rigiga jalb etish, birlamchi kasalliklarni o'z vaqtida davolashga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan ushbu tibbiyot muassasalarida yetakchi olimlar va mutaxassislar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko'riklar tashkil etilmoqda.
Bunday tadbirlar samarasida aholining ushbu shifo maskanlariga ishonchi ortib bormoqda. Bu kasalliklarning oldini olish, xalqimizning sog'lom va uzoq umr ko'rish ko'rsatkichini oshirishda muhim omil bo'layotir.
Prezident saylovi mamlakatimizda inson manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan ana shunday hayotbaxsh islohotlarni izchil davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun erta tongdan Yunusobod tumanidagi 541-saylov uchastkasiga borib, O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz berdim.
Saylov uchastkasidagi aholining gavjumligi, odamlarning yuz-ko'zidagi quvonch, yoshlarning kattalarga hurmat-e'tiborini ko'rib to'lqinlanib ketdim. Shunday tinchlik-osoyishtalik, o'zaro hamjihatlik va hamkorlik muhiti hukmron bo'lgan mamlakat fuqarosi ekanimdan ich-ichimdan faxrlandim.