O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimizning nutqi katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda
2017-09-27 | Jamiyat
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, mutaxassislar, talaba-yoshlar qatnashdi.
Seminarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida bugungi kunda nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda dolzarb bo‘lib turgan masalalar va ularning yechimi bo‘yicha amaliy takliflar keng o‘rin olgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mamlakatimizdagi islohotlar, demokratiya, inson huquqlari, yoshlar masalasi, diniy bag‘rikenglik, xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik, ekologiya kabi qator dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tdi. Prezidentimizning BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolutsiyasini qabul qilishi bo‘yicha takliflari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
– Prezidentimizning yuksak minbardan so‘zlagan nutqi barchamizda zo‘r qiziqish, yuksak faxr tuyg‘usini uyg‘otdi, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Nigina Yusupova. – Bugun mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalqimizning baxtli hayot kechirishi uchun barcha zarur imkoniyatlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda, xalqaro aloqalar uchun keng erkinlik yaratilib, mamlakatimizning yangi qiyofasi shakllantirilmoqda. Biz, yoshlar ana shunday mamlakatda tug‘ilib, voyaga yetayotganimizdan faxrlanamiz, O‘zbekistonimizning buguni va kelajagi uchun bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz.
Seminarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Talabalarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.