O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Profilaktika inspektorlariga zamonaviy uy va avtomashina kaliti topshirildi

2017-09-26 | Jamiyat

Nukus shahridagi Mustaqillik maydonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlari o‘zlariga ishonib topshirilgan hududda fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalashga tantanali qasamyod qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov va boshqalar mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlari aholining tinch-osoyishta hayotini ta’minlash, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. 

Prezidentimizning 2017-yil 10-apreldagi "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni asosida ichki ishlar organlari ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirilayotgani soha faoliyatini tubdan takomillashtirib, fuqarolar erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda yuksak samaralar berayotir. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 20-apreldagi "Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, joylarda profilaktika inspektorlariga barcha sharoitga ega xizmat uylari topshirilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, profilaktika inspektorlarining oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda 125 nafar profilaktika inspektoriga zamonaviy xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomashinalar kaliti tantanali ravishda topshirildi. 

– Hozirgacha o‘zim xizmat qilayotgan hududga 25 kilometr uzoqdan qatnar edim, – deydi Amudaryo tumanidagi “To‘lqin” ovul fuqarolar yig‘ini profilaktika noziri B.Bekbergenov. – Endi shu ovulning o‘zidan barcha qulayliklarga ega yangi xizmat uyining kalitini berishdi. Ishimizning yanada samarali bo‘lishi uchun uzoq muddatli kredit hisobiga yangi avtomashinali ham bo‘ldim. Ovulimizda istiqomat qilayotgan 7 ming 300 dan ziyod aholining 25 foizi yoshlardir. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun sport to‘garaklari faoliyatini yanada kuchaytirdik. Shu orqali keyingi yillarda hududimizda huquqbuzarlik holatlari keskin kamaydi. 

Nukus shahrining Gulzor mahallasida istiqomat qilayotgan 3 ming 200 dan ziyod aholining dardu tashvishiga quloq tutib, ularning tinch va osuda hayotini ta’minlayotgan profilaktika noziri S.Xo‘janov oilasi bilan shu mahallaga ko‘chib keldi. Unga ham zamonaviy uyning kaliti topshirildi. 

– Aholi bilan yaqin muloqot, yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari o‘z samarasini berib, keyingi ikki yilda hududimizda birorta ham huquqbuzarlik holati qayd etilmadi, – deydi S.Xo‘janov. – Endilikda mahallaning o‘zida yashab, kecha-yu kunduz odamlar orasida bo‘lish imkoniyati yaratilgani faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi tadbirga yanada fayz bag‘ishladi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov ishtirok etdi.

 

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA

Поделиться