O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi davrni boshlab bergan tarixiy tashrif
2017-09-23 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifini mamlakatimiz va xorijiy davlatlar ekspertlari shunday baholamoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi yurtdoshlarimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishladi. Bu mazkur tashrif anchadan buyon kutilgani, Prezidentimizning nutqi odamlarning qalbidan, tafakkuridan chuqur joy olganidan dalolat.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 193 mamlakatni birlashtirgan eng yirik xalqaro tuzilma. Bosh Assambleya uning asosiy organi. Bosh Assambleya sessiyasida dunyo yetakchilari yig‘iladi, ishtirokchilar va tadbirlar ko‘pligidan har bir soniya hisobli bo‘ladi. Shu bois uning kun tartibidan eng muhim, xalqaro ahamiyatga molik masalalar o‘rin oladi. Bosh Assambleyaning 72-sessiyasi kun tartibiga 170 dan ortiq masala kiritildi.
Prezidentimizning nutqi mazmundorligi va ahamiyati bilan alohida ajralib turdi. Qisqa bo‘lishiga qaramay, nutq zamonamizning eng dolzarb mavzularini qamrab oldi: O‘zbekistondagi islohotlar, demokratiya, inson huquqlari, yoshlar masalasi, diniy bag‘rikenglik, xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik, ekologiya va hokazo.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, inson huquqlarini himoya qilish faollashgani, xalqaro aloqalar uchun keng erkinlik yaratilgani, mamlakatimizning yangi qiyofasi shakllantirilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratayotgani, o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdori ekanini qayd etdi. Shavkat Mirziyoyev xorijga chiqish vizalarini "umrini o‘tab bo‘lgan o‘tmish qoldiqlari" deb atadi.
Prezidentimiz aytgan "Inson manfaatlari hamma narsadan ustun", "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak", "Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi" degan shiorlar barchaning tiliga tushdi. BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, Bosh Assambleyaning "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolutsiyasini qabul qilishi bo‘yicha takliflari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Sessiya ishtirokchilari Shavkat Mirziyoyevning nutqini diqqat bilan tingladi. BMT kanallari orqali bevosita kuzatib bordi. Bosh qarorgohdagi media markazda jurnalistlar o‘zlariga ko‘p narsalarni qayd qilib bordi. Ayniqsa, Prezidentimiz Orol dengizi aks ettirilgan xaritani ko‘rsatganda hamma o‘yga toldi...
Shavkat Mirziyoyev butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblashini ta’kidladi. Buyuk allomalarimiz, xususan, Imom Buxoriyning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifiy islom to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotganini ma’lum qildi.
Nutq yakunlanganda qarsaklar ancha paytgacha tinmadi. Sessiya raisi, davlat rahbarlari Prezidentimizni tabrikladi, o‘z taassurotlarini bildirishga oshiqdi.
Masalan, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on hali hech bir davlat rahbari BMT minbaridan turib islom dini qadriyatlarini bu qadar jasorat bilan himoya qilmagani, hech qachon Imom Buxoriy nomini tilga olmaganini ta’kidladi.
Xalqaro siyosiy doiralarda, ommaviy axborot vositalarida bu tarixiy nutqqa munosabat bildirish davom etmoqda.
Sessiya doirasida mamlakatimiz, xalqimiz uchun yana bir ahamiyatli voqea bo‘ldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosida mahobatli Registon maydonining maketi o‘rnatildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
O‘zbekistonning «tashrif qog‘ozi» bo‘lmish ushbu eksponat BMT shtab-kvartirasining eng gavjum joylaridan biriga, BMT Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleya zallari o‘rtasidagi foyyega o‘rnatilganida o‘ziga xos chuqur ramziy ma’no bor, dedi davlatimiz rahbari. Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan Samarqandda ilm-fan, madaniyat, savdo, me’morlik, hunarmandlik azaldan rivojlangan, turli o‘lkalardan kelgan insonlar ahil-inoq yashagan. Registon esa ana shunday qadimiy va umumbashariy shaharning betakror ramziga aylangan.
Registon maydonining maketi yurtimizning qo‘li gul usta hunarmandlari tomonidan yasalgan bo‘lib, qimmatbaho metall va go‘zal milliy naqshlar bilan bezatilgan. Endi Birlashgan Millatlar Tashkilotida ishlaydigan, u yerdagi tadbirlarda qatnashadigan har bir insonning nigohi azaldan taraqqiyot va madaniyat maskani bo‘lgan «O‘zbekistonning bir bo‘lagi»ga tushadi.
Prezidentimiz aksariyat davlatlar rahbarlari singari faqat BMT sessiyasida ishtirok etib qaytmadi. Har doimgidek vaqtdan o‘ta unumli foydalandi. Qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ishbilarmonlar bilan uchrashdi.
O‘zbekiston BMTga 1992-yil 2-mart kuni a’zo bo‘lgan. Bugun mamlakatimizda uning qator tuzilmalari – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Bolalar jamg‘armasi, Aholishunoslik jamg‘armasi, Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi, Taraqqiyot dasturi va boshqa tuzilmalarining vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatayotir.
Joriy yil iyun oyida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan muloqot o‘tkazdi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli yangilanishlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Antoniu Guterrish Prezidentimizning Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi nutqi nihoyatda mazmundor bo‘lgani, unda bildirilgan tashabbuslar muhim va o‘z vaqtida ilgari surilganini ta’kidladi. Ushbu tashabbuslarni xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
Bosh kotib O‘zbekiston tomonidan mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistonni qayta tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyani ilgari surish, Orol dengizi bilan bog‘liq ekologik falokat oqibatlarini yumshatishga xalqaro hamjamiyat diqqat-e’tiborini qaratishini bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn, Xalqaro valyuta jamg‘armasi farmoyish beruvchi direktori Kristin Lagard, Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim bilan uchrashdi. Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev, Gruziya Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar belgilangan vaqtdan ko‘ra ko‘proq davom etdi. Bu ko‘rilgan masalalar ko‘pligi, muzokaralar mazmunan boy bo‘lganidan dalolat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShning yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi. Uchrashuvda Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, «Jeneral Elektrik» kompaniyasi prezidenti Ron Pollett, «Xanivell» kompaniyasi bo‘linmasi prezidenti va bosh direktori Rajiv Gautam, «SiEnEych Indastrial» kompaniyasi vitse-prezidenti Stiven Naderni, «Dir end Kompani» kompaniyasi prezidenti Jeyms Fild ishtirok etdi. Mamlakatimizda valyuta sohasida bozor mexanizmlari joriy etilgani, savdodagi turli to‘siqlar olib tashlangani, ishbilarmonlik va investitsiya muhiti yanada yaxshilanayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston – AQSh ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi. O‘zaro manfaatli yo‘nalishlar taklif qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifi doirasida 20-sentabr kuni Nyu-Yorkda O‘zbekiston – AQSh biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Amerika Qo‘shma Shtatlarining 100 dan ortiq yetakchi kompaniyasi rahbarlari ishtirok etdi.