O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Deputatlar odamlar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar

2017-09-22 | Siyosat

2017-yilning 22-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Siyosiy partiyalar fraksiyalarining vakillari qonun loyihalarini ko‘rib chiqishdan avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqiga o‘z munosabatlarini bildirdilar. Ta’kidlandiki, davlatimiz rahbarining mazkur nutqi chinakamiga tarixiy ahamiyatga ega. O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro siyosatning eng muhim yo‘nalishlariga doir yuksak minbardan bayon qilingan tashabbuslari keng siyosiy doiralar o‘rtasida qo‘llab-quvvatlandi. 

Siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu nutqining, davlat siyosati eng muhim yo‘nalishlariga taalluqli amaliy takliflarining, fikr-mulohazalarining mohiyati va ahamiyatini tushuntirish yuzasidan saylovchilar, keng jamoatchilik o‘rtasida axborot-targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish zarurligi to‘g‘risida taklif va tavsiyalar bildirdilar. Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan tashabbuslarni huquqiy jihatdan ta’minlashning muhimligi qayd etildi. 

Shundan so‘ng deputatlar bir qator qonun loyihalarini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishga kirishdilar. Xususan, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston Respublikasining Soliq, Oila, Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalari va boshqa qonun hujjatlari muhokama qilindi. 

Mamlakatning bugungi tutgan siyosiy yo‘liga muvofiq «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan prinsipni mamlakatda xalq hokimiyatini nomigagina emas, haqiqiy qiluvchi mexanizmlarni kuchaytirish orqali amalga oshirish demokratik davlatni va adolatli jamiyatni barpo etishda ustuvor ahamiyat kasb etadi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq normativ-huquqiy bazani yanada rivojlantirish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qonun loyihasi fuqarolarning davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishga bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan huquqining ro‘yobga chiqarilishi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga chaqiradi. Qonun loyihasida jamoatchilik nazoratining shakllari, ularni amalga oshirish mexanizmlari, jamoatchilik nazorati subyektlarining huquq va majburiyatlari ochib berilgan. 

Majlisda deputatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu qonun loyihasi, deputatlar ta’kidlab o‘tganidek, bozor iqtisodiyotining asosiy shartlaridan biri bo‘lgan xususiy mulk kafolatlarini ta’minlashda va himoya qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga muvofiq jinoyat quroli, kimga tegishliligidan qat’i nazar, musodara qilinishi kerak bo‘lgan va tegishli muassasalarga topshirilgan yoki yo‘q qilib yuborilgan. 

Qonun loyihasiga muvofiq, ushbu talabga o‘zgartish kiritilib, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli bo‘lgan jinoyat qurollari musodara qilinishi kerakligi va tegishli muassasalarga topshirilishi yoki yo‘q qilib yuborilishi nazarda tutilmoqda. Jinoyat qurollari gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli bo‘lmagan taqdirda, ular mulkdorlariga qaytarib beriladi. 

So‘ngra deputatlar alimentlar to‘lovini ta’minlashga doir amaldagi qonun hujjatlarida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni va samarasiz mexanizmlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Keyingi paytlarda, majlisda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga fuqarolarning alimentlar o‘z vaqtida to‘lanmasligi masalalariga doir murojaatlari va ushbu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga oid takliflar soni oshgan. Bundan tashqari, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni chet elga chiqishga doir cheklovni olib tashlash uchun alimentlarni oldindan to‘lash yoki alimentlarni to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish imkonini beruvchi norma bilan to‘ldirilmoqda. Shunday qilib, alimentlar to‘lashi shart bo‘lgan shaxslarning xorijga chiqish huquqlarini amalga oshirish uchun, alimentlar olish huquqiga ega bo‘lgan bolalarning manfaatlarini buzmagan holda, shart-sharoitlar yaratilmoqda. 

Majlisda ko‘rib chiqilgan boshqa qonun loyihasi oilaviy ajralishlarning oldini olishga, shu jumladan, ushbu masala yuzasidan mahallalarning tutgan o‘rnini kuchaytirish orqali oldini olishga qaratilgan. Hozirgi vaqtda fuqarolar yig‘inlari huzurida yarashtirish komissiyalari ish yuritayotgan bo‘lib, ular faoliyatining asosiy maqsadi oilaviy muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishdan, oilaviy nizolarni sudga qadar ko‘rib chiqishdan iborat. Shuni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga sudlar va FHDYo organlari tomonidan ularning ish yurituvida nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar mavjudligi to‘g‘risida yarashtirish komissiyalarini xabardor qilishga doir qoidalarni belgilashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda. Bu, o‘z navbatida, yarashtirish komissiyalariga ajralishlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish imkonini beradi. 

Qiziqarli bahs-munozara ruhida o‘tgan majlis davomida ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihalari yuzasidan deputatlar birlashmalari o‘z nuqtai nazarlarini bildirdilar. 

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati

Поделиться