O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston hukumatining insonparvarlik yordami rasmiy ravishda Bangladesh Qizil Yarimoy jamiyatiga topshirildi
2017-09-19 | Jamiyat
2017-yil 18-sentabr kuni O‘zbekistonning Hindiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Arziyev boshchiligidagi delegatsiya Bangladesh rasmiy shaxslari, nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Bangladesh Qizil Yarimoy jamiyatiga (BQYJ) rasmiy ravishda Myanmaning musulmon-rohinja qochqinlari uchun atalgan insonparvarlik yordamini topshirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan BQYJ prezidenti H.Mazumdar O‘zbekiston rahbariyatiga qochqinlarga o‘z vaqtida hamda oliyhimmatlik bilan ko‘rsatgan yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bangladeshda O‘zbekiston tomonidan ushbu beg‘araz yordam “o‘zbek xalqining o‘ziga xos xususiyati” bo‘lgan samimiy insonparvarlikning yaqqol namoyoni sifatida baholanmoqda.
Bangladesh Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari F.Rahman insonparvarlik yordamining o‘z vaqtida yetkazilganligi va dolzarbligini ta’kidlar ekan, “qochqinlar hayotiga ko‘maklashish uchun birodar o‘zbek xalqining do‘stona yordami juda muhim”, deya qayd etdi.
Tadbirda O‘zbekistondan kelgan insonparvarlik yordami kamida 8000 oilani yoki 50 mingga yaqin qochqinlarning ehtiyojlarini qondirishi alohida qayd etildi.
BQYJ ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston insonparvarlik yordami mazkur jamiyatning xorijiy mamlakatlardan olgan yordamining eng salmoqlisi bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda musulmon-rohinja qochqinlarining soni 400 ming nafardan oshdi.
Yetkazib berilgan insonparvarlik yordami qochqinlar uchun 14 turdagi eng zaruriy mahsulot va buyumlardan iborat: shakar, yeryong‘oq, sut kukuni, dori-darmon, bolalar ovqati, ichimlik suvi, gigiyena vositalari, bolalar va kattalar uchun kiyimlar, chivinga qarshi to‘r, ko‘rpa-to‘shak va boshqa zarur mahsulotlar.
Shu kunning o‘zida, “O‘zbekiston Respublikasi insonparvarlik yordami” yozuvi tushurilgan yuk mashinalari kolonnasi Bangladesh Qizil Yarimoy jamiyatining vakillari hamrohligida qochqinlar lagerlariga yo‘l oldi. Insonparvarlik yordamining qochqinlar o‘rtasida tarqatilishi BQYJ tomonidan amalga oshiriladi.
"Jahon" AA surati