O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
2017-09-15 | Jamiyat
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan joriy yil 30-iyunda tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yoshlarning chinakam suyanchi va tayanchi bo‘layotgani ta’kidlandi. Tashkilot oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajarish hamda yurtimizdagi qariyb o‘n yetti million yigit-qizni birlashtirish va ularga amaliy yordam ko‘rsatishda boshlang‘ich tashkilotlarda saylangan yoshlar yetakchilari, sardorlar hamda yetakchilar kengashi a’zolarining fidoyiligi, tashabbuskorligi muhim ahamiyatga ega.
Yurtboshimiz «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyidagi nutqida ta’kidlaganidek, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatdan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida qaraladi. 2016-yil 14-sentabrda qabul qilingan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunning yoshlar hayotida tutgan o‘rni beqiyos. Shu davr mobaynida yoshlarning taqdiriga daxldor ko‘plab hujjatlar ishlab chiqildi, amaliy natijalarga erishildi.
Vatanimiz taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashash, yaratib berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etish, g‘ayrat-shijoat bilan ilm cho‘qqilarini egallash, tashabbuskor bo‘lish yoshlarimizning muhim vazifalari ekanligi ta’kidlandi.
Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji yoshlar yetakchisi Malika Ziyovutdinova kollejlarda boshlang‘ich tashkilot yetakchisini saylash jarayoni haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi. Kollej yoshlari hayotidan hikoya qiluvchi lavhalar namoyish etildi.
Tadbirda yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi, ularni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarga birgalikda yechim topildi, istiqboldagi vazifalar belgilandi.