O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindistonning “Apollo” klinikasi shifokorlari Namanganda
2017-09-15 | Jamiyat
Hindistonning “Apollo” klinikasining bir guruh mutaxassislari Namangan viloyati tibbiyot muassasalarida bemorlarni qabul qildi va mahalliy shifokorlar bilan tajriba almashdi.
Dehli shahridagi mazkur tibbiyot muassasasi xalqaro departamenti direktori, professor Munir Ahmad va klinika bosh kardiologi Vipul Roy Yangiqo‘rg‘on tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida teri-tanosil kasalliklari va yurak xastaligidan aziyat chekayotgan 200 ga yaqin bemorni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
– Ilgari nafaqat xorijlik, balki viloyat markazidagi tibbiyot muassasalari shifokorlari ham qishloqqa kelib aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishi orzu edi, xolos, – deydi Birlashgan qishlog‘ida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi M.A’loxo‘jayeva. – Endi esa yiliga ikki-uch marta hali Toshkentdan, hali viloyat markazidan malakali shifokorlar kelib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Mana, endi chet ellik shifokorlar ham tez-tez kelayotir. Bu mamlakatimizda xalqimiz salomatligini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasidir. Bunday g‘amxo‘rliklardan ayniqsa, biz, keksalar juda mamnunmiz.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi konsultativ poliklinikasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda xorijlik shifokorlar kardiologiya, teri-tanosil kasalliklari, ortopediya va gepatologiya sohalari bo‘yicha bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatdi.
Mahorat darslarida hindistonlik shifokorlarning ilmiy ma’ruzalari tinglanib, o‘zaro tajriba almashildi.
– O‘zbekistonga birinchi kelishim, – deydi doktor Yatinder Harbanda. – Yurtingizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor tibbiy xizmat sifati yanada yuksalishidan dalolatdir. Kelgusida travmatologiya-ortopediya va tibbiyotning boshqa qator yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorligimiz yanada mustahkamlanishiga ishonaman.
– Hindistonlik shifokorlar bilan hamkorlikni izchil davom ettirish yuzasidan kelishib olindi, – deydi Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi S.Mo‘minov. – Unga ko‘ra, “Apollo” klinikasi vakillari har oyda viloyatimizga kelib, davolash va diagnostika ishlari olib boradi. O‘zaro tajriba almashish maksadida Dehli va Namanganda ikki davlat shifokorlarining o‘quvlari tashkil etiladi.