O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Banklarga 5-sentabrdan bugungi kunga qadar fuqarolar tomonidan 200 millionga yaqin dollar sotildi
2017-09-15 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari T.Ishmetov va bank mas’ul xodimlari Prezidentimizning 2017-yil 2-sentabrdagi «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida mahalliy va xorijiy jurnalistlarga ma’lumot berdi.
Mamlakatimizda valyuta bozorining liberallashtirilishi iqtisodiyotimiz taraqqiyotida muhim ahamiyatli qadam bo‘ldi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan bu yangi tartib milliy eksport salohiyatini oshirish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ma’lumki, Prezidentimizning yuqoridagi farmoniga muvofiq 2017-yil 5-sentabrdan e’tiboran mamlakatimizda chet el valyutasining erkin savdosi yo‘lga qo‘yildi. Ta’kidlanishicha valyuta siyosati bilan bog‘liq yangi amaliyot o‘z ijobiy samarasini bermoqda.
Xususan, 5-sentabrdan bugungi kunga qadar (7 bank ish kunida) fuqarolarimiz tomonidan 200 millionga yaqin dollar banklarga sotilgan, 100 million dollardan ortiq mablag‘ tashqi iqtisodiy faoliyat yuritadigan tashkilotlar va tadbirkorlarga konvertatsiya qilingan.
Jurnalistlar import mahsulotlari narxida bo‘ladigan o‘zgarishlar bilan qiziqdi.
Mutaxassislar import mahsulotlari narxi oshishiga asos yo‘qligini qayd etdi. Xususan, shu kunlarda tegishli vazirlik va idoralar, xususan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan bojxona to‘lovlari stavkasini yanada optimallashtirish va ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ichki narxlari o‘sishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Bunda Prezidentimizning joriy yil 12-sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori dasturilamal bo‘lmoqda. Ushbu qarorga binoan 15-sentabrdan shakarqamish, qand lavlagi va qattiq holatdagi kimyoviy jihatdan toza saxaroza uchun import boji bekor qilindi. Bu kabi chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Matbuot anjumanida Prezidentimizning «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklar haqida so‘z bordi. Unga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham iste’mol tovarlari importi uchun chet el valyutasini o‘rnatilgan tartibda sotib olishga ruxsat berildi. Avvallari mahsulotini eksport qiluvchi tadbirkorlarga o‘z hisobiga kelib tushgan chet el valyutasining ma’lum foizini majburiy sotish talabi qo‘yilgan edi. Endilikda bu talab bekor qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda valyuta siyosatiga doir amaldagi chora-tadbirlar ijobiy samara bermoqda. Bu jihatlar milliy valyutamizning barqarorligini ta’minlash, mahalliy mahsulotlar eksport hajmining yanada oshib borishi, eksportchi korxonalar safi kengayishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda, xorijiy investorlarning sarmoya kiritishga ishonchini mustahkamlamoqda.