O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston–Qozog‘iston biznes-forumi hamkorlikni kengaytirish uchun qulay maydon

2017-09-15 | Iqtisodiyot

Xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 2017-yil 16-17-sentabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi. Tashrif doirasida Toshkent shahrida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi va Qozog‘iston Milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Davlatimiz rahbarining shu yil mart va aprel oylarida Qozog‘istonga amalga oshirgan tashriflari, iyun oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti doirasida ikki mamlakat Prezidentlarining uchrashuvi, telefon orqali muloqotlari o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi. 

Bu muloqotlar, ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishladi. 2017-yilning birinchi yarmida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizga o‘sdi. Bu yo‘nalishdagi aloqalarning mustahkamlanishida joriy yil mart oyida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasi muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Shu yil mart oyida Ostonada o‘tkazilgan O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi hamda ikki mamlakat ishbilarmonlari biznes-forumi savdo-iqtisodiy munosabatlardagi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan Qozog‘iston jamoatchiligini keng tanishtirish, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishishda qulay maydon bo‘lib xizmat qildi. Biznes-forum yakunlari bo‘yicha 1 milliard dollardan ziyod qiymatdagi savdo va investitsiya bitimlari imzolandi. 

Joriy yil may oyida Chimkentda O‘zbekiston tovar ishlab chiqaruvchilari ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Unda oziq-ovqat va yengil sanoat, qurilish industriyasi, mashinasozlik, metallurgiya, kimyo, farmatsevtika, mebelsozlik, kiyim-kechak, sport buyumlari va o‘yinchoqlar ishlab chiqaruvchi 230 korxona tomonidan 900 turdagi mahsulot tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola etildi. 

Mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokida tuzilgan qariyb 230, Qozog‘istonda O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 130 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yil Qozog‘istonning «AllurGroup» avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchi milliy kompaniyasi bilan birgalikda Qo‘stanayda «GM Uzbekistan» avtomobillari yig‘ilishi boshlangani qo‘shma korxonalar faoliyatini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganidan dalolat beradi. 

O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun katta qulayliklar yaratdi. May oyida Qo‘stanay viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga, Jizzax viloyati hokimi yetakchiligidagi yurtimiz vakillarining Jambil viloyatiga, iyun oyida esa Jambil viloyati hokimi boshchiligidagi Qozog‘iston delegatsiyasining javob tashriflari bugun o‘z samaralarini bermoqda. 

16-sentabr kuni poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da Qozog‘iston Milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston va Qozog‘istonning 500 dan ortiq ishbilarmonlari qatnashishi rejalashtirilgan. 

Xususan, Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq, neft-gaz, farmatsevtika, mashinasozlik, kimyo, qurilish, oziq-ovqat, yengil sanoat sohalari va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 120 yetakchi kompaniyasining 200 ga yaqin vakili ishtirok etishi kutilmoqda. 

Anjuman doirasida B2B formatida ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Unda Qozog‘iston delegatsiyasi vakillari mamlakatimiz davlat va xususiy sektor mas’ullari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi. 

15-17-sentabr kunlari «O‘zekspomarkaz»da o‘tkaziladigan Qozog‘iston Milliy mahsulotlari ko‘rgazmasida qo‘shni mamlakatning avtomobil, metallurgiya, farmatsevtika singari ko‘plab sanoat tarmoqlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etiladi. 

Mazkur anjumanlar ikki mamlakat iqtisodiyotini yanada taraqqiy ettirish, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni izchil rivojlantirishga xizmat qiladi. 

 
Behzod Bozorov, O‘zA

Поделиться