O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida

2017-09-14 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston tarixida astronomiyaga oid tadqiqotlarning ildizlari eng qadimgi davrlarga borib taqaladi. Miloddan avvalgi birinchi ming yillikda O‘zbekiston hududida dehqonchilikning rivojlangan tarixiy-madaniy markazlarida Quyosh, Oy va sayyoralarning harakatlanish qonuniyatlariga doir chuqur bilimlarga asoslangan holda qishloq xo‘jaligi ishlarini amalga oshirish muddatlarini belgilovchi taqvimlar ishlab chiqilgan. O‘zbekistonda astronomiya fanining jadal sur’atlarda rivojlanishi o‘rta asrlar davriga to‘g‘ri keladi. O‘rta asrlar davrining buyuk mutafakkirlari Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayxon Beruniy, ayniqsa, Mirzo Ulug‘bekning matematika va astronomiyaning rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan. 

Astronomiya fanining kelgusidagi rivojlanishi iqtidorli yoshlar orasidan ushbu sohaning malakali kadrlarini tayyorlash samaradorligini oshirishni talab etishi, o‘sib kelayotgan yosh avlodni astronomiyani o‘rganish bo‘yicha xalqimizning tarixiy an’analariga sadoqat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarning astronomiya va aeronavtika faoliyati sohasidagi milliy va umumjahon ilm-fanining yangi yutuqlarini o‘rganish va o‘zlashtirishga bo‘lgan intilishini rivojlantirish, yoshlarning aeronavtika fani va texnika asoslarini egallashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Xalq ta’limi vazirligining Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti (keyingi o‘rinlarda – Astronomiya instituti) qoshida 200 o‘quvchi o‘rni va 150 o‘rinli turar joyiga ega bo‘lgan, matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini (keyingi o‘rinlarda – maktab-internat) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. 

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maktab-internatning moddiy-texnika bazasi, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin. 

3. Astronomiya institutiga maktabning o‘quv jarayonida sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirokini ta’minlash, institutning mavjud asbob-uskunalaridan foydalangan holda astronomiya bo‘yicha dars va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish vazifasi yuklatilsin. 

4. Toshkent shahar hokimligiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda bir oy muddatda: 

Astronomiya instituti hududida maktab-internat binosi va o‘quvchilar turar joyini qurish uchun joy ajratish; 

maktab-internat binosi va o‘quvchilar turar joyi qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish; 

maktab-internatni qurish va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil Investitsiya dasturi doirasida Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasidan mablag‘lar ajratish vazifalari yuklatilsin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va keng jamoatchilik vakillarining: 

Toshkent shahar, Astronomiya ko‘chasi 33-uy manzilida Astronomiya instituti hududida “Astronomiya va aeronavtika” bog‘i va Planetariyni tashkil etish; 

Astronomiya institutining asosiy va tarixiy binolarini, shuningdek, madaniy-tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan teleskoplar pavilyonlarini kapital ta’mirlash bo‘yicha takliflari ma’qullansin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasiga Toshkent shahar hokimligi buyurtmasiga muvofiq Mudofaa vazirligi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va “Toshkent mexanika zavodi” AJ tasarrufidagi samolyot namunalarini bog‘da joylashtirish uchun ajratish vazifasi yuklatilsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda maktab-internat va bog‘ni tashkil etish, Astronomiya institutining asosiy va tarixiy binolarini kapital ta’mirlash bilan bog‘liq tashkiliy masalalar va moliyalashtirish manbalarini aniqlashga qaratilgan choralarni ko‘rsin. 

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 14-sentabr

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 

“Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim 
maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” 
bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga
 
SHARH


Astronomik tadqiqotlar ildizi O‘zbekistonda uzoq o‘tmishga borib taqaladi. O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi birinchi ming yillikda qishloq xo‘jaligi ishlarining muddatlarini belgilashda Quyosh, Oy va sayyoralarning harakatlanish qonuniyatlariga doir chuqur bilimlar asosida tuzilgan taqvimlardan foydalanadigan dehqonchilikka ixtisoslashgan rivojlangan tarixiy-madaniy markazlar faoliyat ko‘rsatgan. Astronomiya fan sifatida o‘rta asrlarda jadal sur’atlarda rivojlandi. Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayxon Beruniy, ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek kabi o‘rta asrlar buyuk mutafakkirlarining matematika va astronomiyaning rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasi butun jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan. 

Astronomiya fanining kelgusida yanada taraqqiy etishi iqtidorli yoshlar orasidan malakali kadrlarni tayyorlash samaradorligini oshirish talab etilishini inobatga olib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni xalqimizning astronomiyani o‘rganishdagi buyuk an’analari ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarning astronomiya va aerokosmos faoliyati sohasidagi milliy va dunyo ilm-fanining yangi yutuqlarini o‘rganish va o‘zlashtirishga bo‘lgan ishtiyoqini rivojlantirish, yoshlarning aerokosmik fan va texnika asoslarini egallashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Mazkur qaror bilan Astronomiya instituti qoshida matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati tashkil etiladi. Maktabda 200 nafar o‘quvchi tahsil olishi hamda va 150 o‘rinli turar joy binosi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. 

Qurilish-ta’mirlash ta’lim muassasasini jihozlash ishlari O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil Investitsiya dasturi doirasida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 

Buyurtmachi sifatida Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi” injiniring kompaniyasi belgilangan bo‘lib, barcha qurilish-ta’mirlash ishlarini 2018-yil 1-avgustiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Maktab-internat 2018-2019 o‘quv yili boshlanguniga qadar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan barcha zarur mebel, o‘quv-laboratoriya jihozlari, komputer texnikasi, darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlanadi. 

Qarorga muvofiq 2018-2019 o‘quv yilidan maktabga 7-sinfdan boshlab har bir sinfda 20 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maktab-internatning moddiy-texnika bazasi, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilgan. 

Astronomiya instituti maktabning o‘quv jarayonida yetakchi mutaxassislar ishtirokini ta’minlaydi, mavjud asbob-uskunalardan foydalangan holda astronomiya bo‘yicha dars va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etadi. 

Ushbu qaror asosida Toshkent shahar, Astronomiya ko‘chasi, 33-uy manzilida Astronomiya instituti hududida “Astronomiya va aeronavtika” bog‘i va Planetariy tashkil etiladi. Shuningdek, Astronomiya institutining asosiy va tarixiy binolarini hamda madaniy-tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan teleskoplar pavilyonlarini kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan. 

Ushbu bog‘ va Planetariyga Toshkent shahar hokimligi buyurtmalari asosida Mudofaa vazirligi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va “Toshkent mexanika zavodi” AJ tasarrufidagi mavjud samolyot namuna(maket)lari ajratiladi va o‘rnatiladi. 

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining “4.4. Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish:” bo‘limida umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan oshirish, chet tillar, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi boshqa muhim va talab yuqori bo‘lgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganish muhim maqsadlardan biri sifatida belgilangan. 

Mazkur qaror ushbu maqsadni amaliyotda joriy etish, iqtidorli bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda izlanuvchan yoshlarni ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida tayyorlashga xizmat qiladi.

Поделиться