O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent Fotosuratlar uyida rassom Dilorom Mamedovaning “Muhabbat alangasi” nomli ko‘rgazmasi ochildi
2017-09-13 | Madaniyat
Bolaligidan rassom bo‘lishni orzu qilib, tasviriy san’at sirlarini astoydil o‘rgangan D.Mamedova Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining dastgohli rangtasvir fakultetida tahsil oldi. U talabalik davrida qator ko‘rgazmalarda faol ishtirok etdi. Ustozlar sabog‘i, tinimsiz mehnat va ijodiy izlanish o‘z samarasini berdi. Birin-ketin shaxsiy ko‘rgazmalarini o‘tkazib, muxlislari ko‘nglidan joy oldi.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan “Onalar”, “Bolalik”, “Visol oqshomi”, “Bahorni kutib”, “Eski shahar”, “Ochiq eshik oldida” kabi kartinalarda yurtimizning go‘zal tabiati, ko‘hna me’moriy obidalari, qishloq manzaralari, odamlarning samimiy qiyofalari, urf-odat va an’analarimizni kuzatar ekansiz, qalbingizda beixtiyor Vatanga muhabbat, yurtdan g‘ururlanish tuyg‘ulari jo‘sh uradi.