O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dolzarb masalalar muhokama qilindi
2017-09-12 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Deputatlar dastlab sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishi ustidan parlament va deputatlar nazoratini olib borish bo‘yicha fraksiya oldida turgan muhim yo‘nalishlarni muhokama qildi.
Mamlakatimizda tibbiyot sohasini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini zamon talablari darajasiga ko‘tarish, aholiga sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishni ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Deputatlar tomonidan sog‘liqni saqlash sohasida qabul qilingan qator qaror va farmonlarning ijrosi tahlil etildi.
Ushbu hujjatlar mamlakatimizda, ayniqsa, viloyat va tumanlar darajasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini tubdan oshirishga, aholining keng qatlamlarini yuqori texnologik tibbiy yordamdan bahramand qilishga, yuqori texnologiyali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sohasidagi ilm-fan yutuqlari va ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga faol joriy etishga qaratilgan bo‘lib, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarda muhim o‘rin egalladi.
Oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarining dori vositalari va tibbiy buyumlar, reagentlar, sarflov materiallari va transport vositalari bilan ta’minlanish darajasini yaxshilash lozimligi qayd etildi. Shuningdek, ijtimoiy dorixona, tibbiy xodimlar uchun uy-joy tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining joriy yil 8-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni va uning asosida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi»dan kelib chiqadigan partiya va uning fraksiyasi a’zolari oldida turgan muhim vazifalar ham ko‘rib chiqildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Prezidentimizning joriy yil 8-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati muhokama etildi.
Jumladan, mazkur hujjatda belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal qilishda nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarining keng ishtirokini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy va davlat-xususiy sherikligining huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirishga doir vazifalar partiya Harakatlar dasturidan o‘rin egallagani ta’kidlandi. Fraksiya ish rejasida belgilangan «Davlat – xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun loyihasini tezroq ishlab chiqish hamda muhokamaga kiritish zarurligi qayd etildi.
Konsepsiyada belgilangan ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatning zamonaviy yutuqlarini joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish hamda sohaning normativ-huquqiy bazasini shakllantirishga doir vazifalar «Ilmiy va innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi qonun loyihasini maromiga yetkazish va uni qabul qilishni jadallashtirishni taqozo etadi.
Tadbirda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 9-sentabrdagi «Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar muhokama etildi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishi ustidan parlament va deputat nazorati olib borilishi bo‘yicha fraksiyaning asosiy yo‘nalishlari deputatlarning diqqat markazida bo‘ldi.
Sohani isloh qilish maqsadida qabul qilingan qonunchilik hujjatlaridan kelib chiqib, tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh etish chora-tadbirlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda tibbiyot muassasalarining dori vositalari ta’minoti darajasi, dori vositalari uchun mablag‘larning ajratilishi, ularning ishlatilishini doimiy ravishda tahlil qilib borish lozimligi qayd etildi.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.