O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida: dolzarb vazifalar belgilandi
2017-09-12 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Deputatlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 8-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati hamda fraksiya oldida turgan dolzarb vazifalarni ko‘rib chiqdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur farmon 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Xususan, unda davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 asosiy yo‘nalishi belgilab berilgani soha taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ma’muriy islohotlarning tizimli amalga oshirilishi ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir bo‘lgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratishga asos bo‘ladi.
Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligi ortadi. Mamlakatimizda ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu tamoyilni hayotga to‘liq tatbiq etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Deputatlar sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishi ustidan parlament va deputat nazorati olib borilishi bo‘yicha fraksiyaning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildi. Jumladan, xususiy tibbiyot muassasalarida tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy texnologik usullarini keng qo‘llash uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda uzoq muddatli lizing xizmatlari, kredit ajratish va moliyaviy yordam ko‘rsatishga oid ishlarning talab darajasida emasligi, mavjud muammolarni tizimli bartaraf etish borasida samarali parlament va deputatlik nazorati olib borishni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.