O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ozon qatlami va iqlim o‘zgarishlari ijodkorlar nigohida
2017-09-12 | Ekologiya
Ozon qatlami – yer yuzasini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoya qiluvchi, zaminimizda hayot mavjudligini ta’minlovchi noyob gaz qatlamidir.
Insoniyatning ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish faoliyati natijasida sayyoramizni quyosh radiatsiyasidan himoya qiladigan ozon qatlami yemirilib bormoqda. Ushbu ekologik muammoni hal etish maqsadida 1985-yil dunyoning 147 mamlakati ishtirokida Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi qabul qilingan. 1987-yil 16-sentabr kuni esa Ozon qatlamini buzuvchi moddalarga doir Monreal protokoli imzolangan. O‘shandan buyon mazkur sana Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni sifatida nishonlanadi.
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida ozon qatlamini himoya qilish va iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan xalqaro fotosuratlar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimida shular haqida so‘z bordi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimizda atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi xalqaro hamkorlik yuksak samara berayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimiz 1993-yil Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi va Ozon qatlamini buzuvchi moddalarga doir Monreal protokoliga qo‘shilgan. Mazkur xalqaro hujjatlar talablari ijrosi doirasida mamlakatimizda milliy dastur ishlab chiqilib, uni amalga oshirish bo‘yicha mustahkam huquqiy-me’yoriy baza yaratildi.
Xalqaro fotosuratlar tanlovi ozon qatlamini muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishining oldini olish, sayyoramizning ekologik holatiga tobora ortib borayotgan antropogen ta’sirni kamaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishda xalqaro miqyosdagi xabardorlik darajasini oshirish maqsadida o‘tkazildi.
Tanlov “Ozon qatlami va men” va “Iqlim o‘zgarishi mening nigohimda” kabi ikki yo‘nalishda bo‘lib o‘tdi. Tanlovda Avstraliya, Ozarbayjon, Armaniston, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, AQSh, Fransiya kabi oltmishga yaqin davlatdan 285 ishtirokchi ijodiy ishlari bilan qatnashdi. Bundan tashqari, tanlovga suv tanqisligi muammosini ochib berish, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va qurg‘oqchilikka qarshi kurashishga doir Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi faoliyatini aks ettiruvchi fotosuratlar ham yuborildi.
Tanlovga yuborilgan fotosuratlar 3 bosqichda nufuzli xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan onlayn ovoz berish yo‘li bilan saralandi. G‘oliblar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Fotosuratlar virtual ko‘rgazmasi bilan www.envcontest.uz saytida tanishish mumkin.