O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi haydovchilik sertifikati joriy etiladi
2017-09-12 | Jamiyat
So‘nggi yillarda mamlakatimizda haydovchilik madaniyati va avtotransport vositalari haydovchilarining bilim darajasini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalaridan foydalanish asosida avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida qo‘llanilayotgan innovatsiya uslublari o‘qitish jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi. Bu esa malaka imtihonlarini topshirish samaradorligini oshirish hamda haydovchilarning yo‘l harakati xavfsizligi masalasida huquqiy madaniyatini ta’minlash imkonini bermoqda.
Ammo aksariyat hollarda yuridik shaxslarga tegishli transport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar yo‘l-transport hodisalari ishtirokchilariga aylanib qolmoqda. Bu esa haydovchilar malakasini muntazam oshirishni nazarda tutadigan qonun talablari yetarli darajada bajarilmayotganidan dalolatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4-sentabrdagi «Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori haydovchilar malakasini muntazam oshirish, bu orqali yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi.
Qarorda yo‘l harakati xavfsizligi, fuqarolar hayoti va salomatligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish choralarini kuchaytirish, shuningdek, o‘quv jarayoniga innovatsiya uslublarini joriy etish yo‘li bilan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish tartibini takomillashtirish vazifalari belgilangan.
Ma’lumki, «Avtotest Report» mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning uyg‘unlashgan uslublari qo‘llaniladi. Shuningdek, o‘quv jarayoniga o‘quvchilarning o‘quv darajasini oshirishga qaratilgan, o‘qitish monitoringini olib borish va uni rejalashtirish imkonini beradigan avtomatlashtirilgan kompleks axborot tizimi joriy etilgan.
Qarorga asosan 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab yuridik shaxslarga tegishli avtotranport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi belgilandi. Shuningdek, haydovchilarga malaka oshirgani to‘g‘risida «Avtotest Report» MChJ o‘quv kompleksining sertifikati topshirilishi nazarda tutilgan. Qarordan kelib chiqib, 2018-yil 1-iyuldan boshlab yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini sertifikatsiz boshqargan haydovchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.