O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqaro sammit doirasidagi samarali uchrashuvlar

2017-09-11 | Siyosat

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 9-10 sentyabr kunlari Ostona shahrida bo‘ldi.

10 sentyabr kuni Ostona shahrida Mustaqillik saroyida Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammiti ochildi. 

Mazkur saroyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev kutib oldi. 

Sammitni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ochdi. 

Islom hamkorlik tashkilotining ushbu nufuzli sammiti “Fan, texnologiyalar, innovatsiyalar va islom olamini modernizatsiya qilish” mavzusida o‘tdi. 

Ma’lumki, 2016 yil 18 oktyabr kuni Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tgan, “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori uning asosiy g‘oyasi etib belgilangan edi. Shu ma’noda Ostona sammitini Toshkentda o‘tgan sessiyaning mantiqiy davomi, deyish mumkin. 

Sammitda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammitda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat 80 ga yaqin delegatsiya ishtirok etdi. Sammit yakunida Ostona deklaratsiyasi imzolandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur sammit doirasida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Eron Prezidenti bilan muloqotda Shavkat Mirziyoyev Hasan Ruhoniyni yaqinda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan samimiy muborakbod etdi. 

O‘zbekiston va Eron xalqlarini tarixiy va madaniy mushtaraklik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bog‘lab turadi. Ikki mamlakatning mumtoz adabiy merosi xalqlarimiz uchun birdek qadrli. Bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik izchil mustahkamlanib bormoqda. 

Davlatimiz rahbari savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-infratuzilma sohalaridagi aloqalarga to‘xtalar ekan, bu boradagi imkoniyat va keng salohiyatdan yanada samarali foydalanish, o‘zaro sa’y-harakatlarni jadallashtirish hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishini ta’kidladi. 

Hasan Ruhoniy Eron O‘zbekistonni mintaqadagi yaqin va ishonchli hamkor deb bilishini, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar mustahkamlanishi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishini qayd etdi. 

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan uchrashuvda mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiyot, investitsiya, sayyohlik va boshqa sohalardagi aloqalarini kengaytirish masalasi muhokama qilindi. O‘zaro manfaatli va uzoq istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish uchun tegishli vazirliklar va ishbilarmon doiralar o‘rtasida muntazam uchrashuvlar tashkil qilish muhimligi qayd etildi. 

Ikki davlat Prezidentlari O‘zbekiston bilan Turkiya bir-biriga muhim va uzoq muddatli hamkor sifatida qarashini, tomonlar hamkorlikni o‘zaro ishonch tamoyillari asosida kengaytirish va xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan yuksak darajaga ko‘tarish tarafdori ekanini ta’kidladilar. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan muloqotda u bilan yana bir bor uchrashayotganidan mamnun ekanini ta’kidladi. 

Ikki davlat rahbarlarining joriy yil iyun oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlar asosida hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilindi. Uning izchil amalga oshirilayotgani natijasida savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib bormoqda. 2017 yilning birinchi yarmida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 18,5 foiz o‘sgan. 

Prezidentlarning ushbu uchrashuvidan keyin savdo aylanmasi yanada oshishi qayd etildi. 

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarining bugungi holati, savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki mamlakatning ulkan iqtisodiy salohiyatidan to‘la foydalanish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Shu bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga tashrifi nihoyasiga yetdi. 
 

Toshkent–Ostona–Toshkent
 
Anvar Samadov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA

Поделиться