O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Guinness World Records vakili Stening Richard: Bugun Toshkentda tayyorlanayotgan osh albatta, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritiladi, deb o‘ylayman
2017-09-08 | Jamiyat
Poytaxtimizning Saylgoh ko‘chasida “O‘zbegim” milliy qadriyatlar festivali bo‘lib o‘tmoqda.
“Milliy” telekanal tomonidan bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur tantanali festivalda keng jamoatchilik va diplomatik korpus vakillari, xorijlik mehmonlar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 31-maydagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan festivaldan asosiy maqsad jonajon yurtimiz madaniy qadriyati, urf-odati va an’analarini asrab-avaylash, targ‘ib qilish hamda xalqimizning azaliy va boqiy merosi bilan yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilikni yanada tanishtirish, ularni namoyish etish asnosida mamlakat sayyohlik salohiyatini yanada ravnaq ettirishga qaratilgan.
Xalq sayli ko‘rinishiga ega festivalda amaliy va tasviriy san’at namunalari namoyish etilmoqda, mahorat darslari, xalq o‘yinlari va tomoshalari, milliy rasm-rusumlar kabi qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Festivalning eng yorqin hodisasi o‘zbek milliy taomi – palov tayyorlash jarayonida Guinness World Records vakillari bevosita ishtirok etmoqda. Ekspertlar tayyorlangan palovning miqdori bo‘yicha jahon rekordini qayd etadilar, uning miqdori deyarli 8 tonna bo‘ladi. Mingdan ziyod mehmonlar, ya’ni festivalning barcha ishtirokchilariga O‘zbekistonning 50 dan ortiq oshpazlari tayyorlagan palovdan tatib ko‘rish imkoni yoqimli sovg‘a bo‘lishi shubhasiz. Umumiy hisobda palovni tayyorlash, tarqatish, tashkiliy ishlarida kunu tun 200 dan ortiq turli soha mutaxassislari mehnat qildilar. Ularni bir maqsad birlashtiradi – O‘zbekistonning boy va noyob madaniyatini butun jahonga namoyish etish.
Palovni tayyorlash uchun rekord miqdordagi masalliqlardan foydalanilmoqda. Xususan, 1 850 kilogramm go‘sht, 200 kilogrammdan ortiq dumba, 1 850 kilogramm guruch, 1 850 kilogramm sabzi , 200 kilogrammdan ortiq piyoz, 400 litrdan ziyod o‘simlik yog‘i va boshqa masalliqlar qo‘shilgan.
– O‘zbek milliy taomlari jahonda juda qadrlanadi, – deydi Guinness World Records vakili Stening Richard. – Ayniqsa, palovni xush ko‘ruvchilar ko‘p. Ginnesning rekordlar kitobiga kirish uchun taomning masallig‘i to‘rt tonnadan ortiq bo‘lishi kerak. Biz hayajon bilan kutayapmiz. Bugun Toshkentda tayyorlanayotgan osh albatta, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritiladi, deb o‘ylayman.
Palov diametri 4,2 metr, hajmi deyarli 8 ming litr bo‘lgan qozonda tayyorlanmoqda. Olmaliq kon-metallurgiya zavodida maxsus quyilgan qozonning og‘irligi 7070 kg, chuqurligi 1,5 metr. Qozon joylangan o‘choq esa 3 tonna og‘irlikka ega.
Festival jarayoni Saylgoh ko‘chasida o‘rnatilgan 20 dan ortiq ekranda namoyish etilayapti. Shuningdek, “Milliy” telekanali, Guinness World Recordsning Facebookdagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilmoqda.