O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbek oshpazlari Ginnes rekordlar kitobiga kirmoqchi
2017-09-07 | Jamiyat
Joriy yil 8-sentabr kuni Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «O‘zbegim» milliy qadriyatlar festivalida o‘zbek milliy an’ana va udumlari namoyish etiladi. Jumladan, mohir oshpazlarimizning milliy taom – palov tayyorlash jarayonini Ginnes rekordlar kitobi vakillari kuzatadi. Mazkur tadbirlar doirasida o‘zbek xalqining azaliy va boqiy an’analariga bag‘ishlangan «O‘zbegim» kitobining taqdimoti ham bo‘ladi.
Poytaxtimizning Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bu haqda ma’lumot berildi.
“Milliy” telekanali direktori H.Solihov va boshqalar o‘zbek xalqining milliy va azaliy qadriyatlarini, an’analarini ulug‘lash va asrab-avaylash barobarida, bu boqiy merosni nafaqat xalqimizga, balki jahonga namoyish qilish, tanishtirish «O‘zbegim» milliy qadriyatlar festivalining asosiy maqsadi ekanini ta’kidladi.
“Milliy” telekanali va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilayotgan xalq sayli tarzidagi festival o‘zbek milliy an’analari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, milliy taomlar, mahorat darslari, dorbozlar va xalq o‘yinlari, liboslar namoyishi, konsert dasturlari kabi qator tadbirlarni o‘zida jamlagan.
– «O‘zbegim» milliy qadriyatlar festivalining asosiy tadbirlari poytaxtimizning Sayilgoh ko‘chasida tashkil etiladi, – deydi “Milliy” telekanali matbuot kotibi A.Ismoilov. – Shuningdek, Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida ham tadbirlar o‘tkaziladi. Ayni paytda festivalga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Milliy va zamonaviy dekoratsiyalar uyg‘unligida bezatilayotgan sahnalar, maxsus ustaxonalar, yarmarkalar ishtirokchilarni befarq qoldirmaydi. Ayniqsa, tayyorlanadigan palovning miqdori 8 tonnagacha bo‘lishi va bu borada jahon rekordi o‘rnatilishi kutilayotgani hamyurtlarimiz, xorijlik mehmonlarda katta taassurot uyg‘otadi, degan umiddamiz.