Nukus shahrida yana bir yirik sanoat korxonasi–“Nukus polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi
Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda Nukus shahrida yana bir yirik sanoat korxonasi – “Nukus polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20-21-yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Nukus shahrida quriladigan polimer mahsulotlari zavodi uchastkasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha bir qator ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. Import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish orqali aholi bandligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Ana shunday loyihalardan biri – umumiy qiymati 27,1 milliard so‘m bo‘lgan “Nukus polimer” korxonasi qurilishi qisqa fursatlarda sifatli amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev, “Uz-Kor Gas Chemical” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona direktori o‘rinbosari J.Sharipov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida sanoat ishlab chiqarish ko‘lami kengayib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar sifati va hajmi ortayotganini ta’kidladi. Bu yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirish bilan birga, aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Qariyb 2 gektar maydonni egallagan ushbu korxonada polietilen va polipropilen granulalar qayta ishlanib, gaz va kanalizatsiya tarmoqlari uchun zamonaviy plastmassa quvurlari ishlab chiqarilmoqda. Joriy yil oxiriga qadar korxonaning uchinchi va to‘rtinchi liniyalari ishga tushirilgach, 138 kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi. Bu yerda yiliga 8 ming tonna polietilen va polipropilen granulalaridan diametri 16 millimetrdan 630 millimetrgacha bo‘lgan 12 xil quvur ishlab chiqariladi.
Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA