O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Osiyo ot sporti federatsiyasi vakillari O‘zbekistonda

2017-09-04 | Sport

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Osiyo ot sporti federatsiyasi prezidenti Hamad Bin Abdulrahmon Al Attiya boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.Qurbonov va Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda sportni va Olimpiya harakatini izchil rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi. Jumladan, ot sporti ham yurtimizda jadal ommalashmoqda. Yilqichilik va ot sportining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi avlod chavandozlarini tayyorlash va tarbiyalash, milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini oshirish, aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ot sportini faol targ‘ibot qilish va ommalashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 15-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

– O‘zbekistonda sportni izchil rivojlantirish, jumladan, ot sportiga katta e’tibor qaratilayotgani e’tiborga molikdir, – dedi Hamad Bin Abdulrahmon Al Attiya. – Mamlakatingizda ot sportini har tomonlama taraqqiy ettirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldik. Osiyo ot sporti federatsiyasi va O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash mintaqada mazkur sport turini yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman. 

O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi tomonidan mazkur sport turining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor yurtimizda zotdor otlarni yetishtirish va parvarishlash, ot sporti tuzilmalarini zarur vosita va anjomlar bilan ta’minlash, joylarda zamonaviy maktablar faoliyatini yanada kuchaytirish, yosh chavandozlar bilan tizimli mashg‘ulotlar olib borish, tajribali chavandozlarning xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishiga erishish, nufuzli musobaqalarni xalqaro talablarga muvofiq tashkil etishga xizmat qilmoqda. Muntazam tashkil etilayotgan chempionat va birinchiliklar yosh sportchilarning tajriba va mahoratini oshirishga xizmat qilayotir. 

Uchrashuvda Osiyo ot sporti federatsiyasi hamda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

* * *

Osiyo ot sporti federatsiyasi delegatsiyasi a’zolari poytaxtimizdagi Hazrati Imom (Xastimom) majmuasini ziyorat qildi. Shuningdek, mehmonlar "Markaziy ippodrom" ot sporti bazasi, "Babos" ot sporti klubi faoliyati bilan tanishadi hamda Samarqand shahriga boradi.

 

Bayram Aytmurodov, O‘zA

Поделиться